Rossiyaning Moskva shahrida start olgan “Xavfsiz avtomobil yo`llari” xalqaro avtosayohat ishtirokchilari Samarqandga etib keldi, deb xabar berdi "Zarafshon" nashri.
MDH davlatlari yo`lsozlarining xukumatlararo kengashi tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbir ishtirokchilari Rossiya Federasiyasi, Qozog`iston, Qirg`iziston va O`zbekiston respublikalarining 6200 kilometrdan ortiq yo`llarini o`rganadi.
– Bu tadbirni o`tkazishdan asosiy maqsad – xalqaro avtomobil yo`llari va ularning yordamchi infratuzilmasining real holatini tekshirish, yo`l harakatidagi mavjud nuqsonlarni aniqlash va ularni bartaraf etishga ko`maklashishdan iborat, – deydi MDH davlatlari yo`lsozlarining xukumatlararo kengashi kotibiyati rahbari Bo`ri Karimov. – Bu jarayonda sohadagi ilg`or, zamonaviy texnika vositalari hamda ko`chma laboratoriyalardan foydalanish ko`zda tutilgan. Shuningdek, tadbir doirasida samarqandlik yo`lsozlar bilan uchrashib, o`zaro tajriba almashish hamda kelgusidagi hamkorlik rejalarini belgilab olish niyatimiz bor.









