AsosiyJamiyat

​Aybdor kim? Xatoni birinchi navbatda o`zimizdan izlaylik

'​Aybdor kim? Xatoni birinchi navbatda o`zimizdan izlaylik'ning rasmi

Jamiyatdami, oiladami qaerda bo`lmaylik bizga yokmaydigan ish sodir bo`lsa, bosh aybdorni qidirish odat bo`lib qolgan. Aybdorni topdik ham deylik. Xo`sh undan keyin nima bo`ladi? Ha, to`g`ri topdingiz. Qo`limizga qanday qurol bo`lmasin unga otishga harakat qilamiz. Aybdor esa indamay erga tikilgancha aybini qanday to`g`rilash yo`llarini qidiradi. Xatoni kachon boshlaganini eslashga harakat qiladi...

...Hammasi o`sha kundan boshlandi. O`rta maktabni tugatdi. Keyin kollejga kirdi. Albatta o`zi xohlamagan kollejga. Ota-onasi shuni xohlashdi. Shu kollejda otasining yaqin tanishi bormish. U bilan bemalol til topishsa bo`larmish. Xullas uch yil o`tib ketdi. Muammoning kattasi endi boshlandi. Institutga harakat qilish kerak. Harakat deganda nimani tushundingiz? Tayyorgarlikni-yu kitob o`qishnimi? Topolmadingiz! Ona bilan ota “tayyorgarlik” ko`rishdi aslida. Ota-ona yaxshi “tayyorgarlik” ko`rishibdi shekilli, talaba bo`lish baxtiga muyassar bo`ldi. Lekin yana o`zi xohlamagan oliygohga. Qaysi oliygoh deysizmi? Ha o`sha muallimlar tayyorlaydigan oliygohga! Chunki o`qituvchilik jaaa unaqa mas`uliyat talab qilinmaydigan kasbmish. 30-40 ta bolani amallab 45 daqiqa ushlab tursa marra uniki! Berilib dars o`tish shartmas. Berilib, jonini jabborga berib o`tolmaydiyam. Chunki o`qituvchilik kasbini azaldan yoktirmaydi. Nima bo`lsayam oliy ma`lumotlilik hujjatini olsa bo`ldi emish.

Ko`z ochib-yumguncha 4 yil o`tib ketdi. Endi ishlash kerak. Ota-ona uyiga yaqinroq maktabga ishga joylashtirib qo`yishdi. Ana endi u ona tili va adabiyoti o`qituvchisi. Unga yosh kadr bo`lgani uchun 5-6 sinflardan dars berishdi. Yaxshi bo`ldi, ularni eplash oson. Boshlang`ichdan chiqqan. Qo`rqoqroq, shirin gapning gadosi bo`lishadi.Amallab darsini o`tdi. O`qituvchilik unchalik qiyin kasbmaskan. Vazifa berib qo`yasanbo`ldi. Yoziiib o`tiradigan vazifa bersang 45 minut g`iz etib o`tib ketadi. Ko`nikib qoldi. Yaxshiyam darslik bor ekan. 4-ta mashqni berib qo`ysang, bir soat utdi-ketdi. Lekin hamma bola ham bir xilmaskan. Savol beraverib xit qivoradi. Bunaqalardan har bir sinfda 3-4 ta bo`larkan. Shunaqangi savollar berishadiki, unga javob berishing uchun kamida bir kun tayyorgarlik ko`rishing kerak. Uniyam yo`lini topdi: Mahmadonalik qilmasdan vazifani bajar deydi. Ungayam ko`nmasa, yaxshi yo`li bor – daftarini boshdan oyoq tekshirib chiqish kerak. Xato qilmaydigan bola bormikan. Xatosini qizil ruchka bilan belgilab o`ziga ko`rsatib qo`yish kerak. Shunda jim o`tiradi. Qo`rqadigan bitta narsasi bor. To`satdan bostirib keladigan tekshiruvlar! Uni ham yo`li topildi. Tekshiruvchi degani seni darsingni kuzatib o`tirmaskan. Hujjatlaringni so`rarkan. Hammasini ko`rsatsang bo`ldi, ishlar besh! Bolarning bahosi ham besh bo`lib ketdi. Kim ovoz chiqarmasdan jiiim o`tirib yozib o`tirsa, ikkita besh deb va`da bersa bo`lsa ekan, sinf jim-jit bo`lib qoladi.

...Aybdorning kimligini topdingizmi? Xo`sh kim aybdor ekan, bolalarning aksariyat qismi maktabdagi darslarni qiziqmasligiga. Ustoz deysizmi? To`g`ri, chunki xatoni qilgan ustoz qarshingizda turibdi. 90 foiz odam o`qituvchini aybdor qilyapti. Agar biz jamiyatdagi mana shunga o`xshagan illatlarni bir daraxt deb bilsak, o`sha fanining mohiyatini anglab etmayotgan ba`zi bir sharafli kasbning ichidagi “kurmak”lar mana shu daraxtning bir mevasidir. Mevani terib tashlaganingiz bilan u keyingi yil yana hosilini beraveradi. Biz bu “daraxt”ningshoxini butab qo`yyapmiz xolos. Daraxtning ildizi esa hech kimga ko`rinmay ozuqasini olib gurkirab “meva”sini berib kelyapti.

Robiyabonu Nuralieva

    Boshqa yangiliklar