O`zbekiston televideniesi orqali namoyish etib kelinayotgan “Zakovat” intellektual teleo`yini tashkil etilganiga 17 yildan oshdi. Ko`rsatuv boshlovchisi Abdurasul Ablullaev esa, 60 yoshga to`ldi.
O`tgan davr mobaynida bu ko`rsatuv minglab, millionlab teletomoshabinlar e`tiborini jalb etdi, muxlislar qalbiga yo`l topa oldi. Eng muhimi, ko`rsatuv tashkil etilganidan beri o`nlab iste`dodli, bilimdon yoshlarni kashf etdi. Bir so`z bilan aytganda, “Zakovat” o`zbek yoshlarining bilim va tafakkurda hech kimdan kam emasligini va kam bo`lmasligini amalda namoyish eta oldi.
“Zakovat”ning boshlovchisi va muallifi Abdurasul Abdullaev hamon ushbu ko`rsatuvning saviyasini ko`tarish, tomoshabinlar auditoriyasi va bilimdonlar safini kengaytirish ustida tinimsiz izlanishda.
— “Zakovat” qamrovi tobora kengayib borayotganidan men ham juda xursandman, - degan Abdurasul aka suhbatlardan birida. – Bugun nafaqat poytaxtda, balki viloyatlarda, oliy o`quv yurtlarida, kollej va liseylarda, mehnat jamoalarida ham bilimdon yoshlarning klublari faoliyat ko`rsatyapti. Mahalliy telekanallar orqali “Zakovat” ko`rinishidagi ko`rsatuvlar namoyish etilmoqda. Jamoalar soni ham mamlakatimizning turli hududlaridan kelayotgan yigit-qizlar hisobidan ko`payib borayotir. Ayni paytda “Zakovat” yurtimizdagi barcha jamoalar uchun asosiy markaz, mahorat va tajriba maktabi vazifasini o`tamoqda.
Abdurasul Abdullaev 33 yildirki, O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tizimida faoliyat yuritib keladi. Dastavval radioda suxandon amaliyotchisi lavozimida ish boshlagan Abdurasul Abdullaev oliy toifali suxandon darajasigacha etib bordi.1996 yilda televidenieda muharrir sifatida o`z faoliyatini davom ettirdi. U nafaqat radio, balki televidenie sohasida ham qanchalik bilim va salohiyatga ega ekanini amalda isbotladi. Bir qator axborot tahliliy ko`rsatuvlar, lavhalar, reportaj va intervyular tayyorlab, mamlakatimizning turli hududlarida yashayotgan hamyurtlarimizning hayot tarzi, orzu va intilishlari, quvonch va tashvishlarini yoritishga harakat qildi.
1998 yilda O`zbekiston televideniyasi tarkibida “Yoshlar” telekanali tashkil etilgach, A.Abdullaev mazkur telekanalning bo`lim boshlig`i etib tayinlandi. Yoshlarga oid davlat siyosatini targ`ib etishda o`zining yangi-yangi takliflari va g`oyalari bilan ishtirok etib keldi. Jumladan, “Hudud” nomli ko`rsatuv tashkil qilib, mamlakatimizning ellikdan ortiq tuman va shaharlari haqida ko`rsatuvlar, teleocherklar tayyorladi.
Abdurasul Abdullaevning ijodiy faoliyatida “Zakovat” intellektual teleo`yinining tashkil etilishi alohida sahifa ochdi. A.Abdullaev ushbu ko`rsatuv g`oyasi ustida uzoq vaqt bosh qotirdi. U Rossiya telekanallari orqali namoyish etib kelinayotgan “Chto? Gde? Kogda?” teleo`yinining o`zbekona talqinini yaratish ustida uzoq vaqt izlandi. Mazkur ko`rsatuv uchun mamlakatimizning izlanuvchan, bilimli, iste`dodli yoshlarini saralab, bir qancha jamoalarni shakllantirdi.
2001 yilning Navro`z bayrami arafasida “Zakovat” intellektual teleo`yinining dastlabki soni efir yuzini ko`rdi. Mazkur ko`rsatuv efirga uzatilishi bilan millionlab tomoshabinlarning mehrini qozondi. Ko`rsatuv uzatilgach, har hafta televideniega minglab xatlar jo`natildi. O`z mantiqiy savollari bilan ishtirok etishni istagan tomoshabinlar safi tobora oshib boraverdi.
Vaqt o`tgani sayin teleo`yinda ishtirok etishni istovchi yoshlar ham ko`paydi. Bir yil ichida o`nlab jamoalar shakllandi. Keyinchalik yil davomida ushbu jamoalar orasida reyting tizimi joriy etilib, yil so`nggida bitta jamoaning g`alabasini ta`minlaydigan turnirlar o`tkazish yo`lga qo`yildi. Bundan tashqari hududlardan saralangan jamoalar o`rtasida festivallar o`tkazish, ularda g`alaba qozongan jamoalarni ekran o`yinlariga jalb etish yo`lga qo`yildi.
O`tgan 17 yildan ortiq vaqt mobaynida “Zakovat” jamoalari ishtirokidagi 500 dan ortiq o`yinlar yozib olindi va efirga uzatildi. Ushbu o`yinlarda 5000 dan ortiq savollar o`ynaldi. Mazkur teleo`yinlar tezda tomoshabinlar qalbini zabt etdi. Bilimdonlar orasidan o`nlab iste`dodli yoshlar tomoshabinlar mehrini qozondi.
A.Abdullaev bu ko`rsatuvni “Chto? Gde? Kogda” (ChGK) teleklubining aynan takrori bo`lib qolishiga yo`l qo`ymadi. Garchi “ChGK” klubining doimiy a`zosiga aylanib, ushbu klub tomonidan belgilangan me`yorlar asosiy harakat qilinishiga qaramay, “Zakovat” bugungi kunda milliy ko`rsatuvlar qatoridan joy oldi. O`z ta`biri bilan aytganda u “o`zbek yoshlari ham xuddi “ChGK” klubi a`zolari singari bilimdon, iste`dodli va intiluvchan ekanini” amalga ko`rsata oldi.
Abdurasul Abdullaev ushbu teleko`rsatuvlarda o`ynagan va o`ynalmagan, teletomoshabinlar tomonidan yo`llangan savollarni jamlab “Zakovat taqdim etadi”, “Daqiqa qadri-1”, “Daqiqa qadri-2”, “Daqiqa qadri-3” kitoblarini o`quvchilar e`tiboriga havola etdi. Minglab nusxalarda chop etilgan ushbu kitoblar qisqa vaqtda sotilib ketdi.
Odatda televidenie tarixida ikki-uch yildan ortiq davom etadigan ko`rsatuvlar sanoqli bo`ladi. Tomoshabin har doim yangilikka o`ch bo`ladi. Shu bois ko`p ko`rsatuvlar vaqt o`tishi bilan tomoshabinning me`dasiga tegadi. Ammo, “Zakovat” 17 yildirki hamon tomoshabinlar tomonidan katta qiziqish va ishtiyoq bilan qarshi olinadi. Ta`kidlash o`rinliki, “Zakovat” teleklubi orqali elga tanilgan yoshlar orasidan bugungi kunda taniqli olimlar, siyosatchilar, huquqshunoslar, pedagoglar, jurnalistlar, yozuvchi va tarjimonlar etishib chiqmoqda.
A.Abdullaev bu ko`rsatuvni muntazam ravishda rivojlantirishga intilib kelmoqda. Bugun “Zakovat”ga savol yo`llovchi tomoshaniblar geografiyasi ham kengayib borayotir. Ayni paytda mamlakatimizdan tashqari, qo`shni mamlakatlar, shuningdek Rossiya. Ukraina, Belarus, AQSh, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, Ozarboyjon singari davlatlardan savollar yuborilmoqda. E`tiborlisi, ularning aksariyati o`zbeklar emas, boshqa millat vakillaridir. Bu o`zbek bilimdonlari ishtirokidagi “Zakovat” teleo`yini boshqa xalq va millat vakillarining e`tiborini tortayotganidan dalolatdir.
Bugun “Zakovat” intellektual teleklubi qirqdan ortiq turli jamoalarni o`zida birlashtirgan. Mazkur jamoalar ishtirokida har hafta maxsus reyting o`yinlari o`tkaziladi. Ular orasidan yosh, navqiron, chiniqqan yangi jamoalar saralab olinadi.
Abdurasul Abdullaev birgina “Zakovat” teleo`yinini tashkil etish bilan cheklanib qolgani yo`q. O`tgan yillar davomida “Intellektual ring”, “Breyn-ring”, “Bilimdon” singari ko`rsatuvlar ham tashkil etilib, unda yosh bilimdonlarning ishtiroki ta`minlandi.
2018 yildan boshlab, A.Abdullaev tashabbusi bilan yangi “Urfon-shou” dasturi tashkil qilindi. Bugungi kunda mamlakatimiz rahbarining kitobxonlikni yanada targ`ib etishga qaratilgan tashabbuslari katta to`rtki bo`ldi. Mazkur ko`rsatuv ham yoshlarimiz orasida o`tkir bilim va teran aql egalarini tanlab olish va rag`batlantirishda katta ahamiyat kasb etayotir.
Abdurasul Abdullaevni yosh avlod ta`lim-tarbiyasiga, uning ma`naviy kamolotiga qaratilgan ezgu xizmatlari hukumatimiz e`tiboridan chetda qolayotgani yo`q. U 2009 yilda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga ko`ra “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan.
Biz, “Zakovat” ko`rsatuvining barcha muxlislari nomidan Abdurasul Abdullaevni samimiy muborakbod etamiz.