1 oktyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Toshkentda qad ko`targan yangi “Minor” masjidiga tashrif buyurdi. Bu haqda O`zbekiston Milliy axborot agentligi rasmiy sayti xabar beradi. Ushbu masjid Markaziy Osiyo hududidagi eng yirik inshootlardan biri sanaladi.
Prezidentimiz g`oyasi va amaliy takliflari asosida yaratilgan ushbu loyihada milliy me`morchiligimizning, butun dunyoda mashhur bo`lgan masjid va madrasalar qurishning azaliy an`ana va uslublaridan ijodiy foydalangan holda, har jihatdan betakror, muazzam majmua barpo etish ko`zda tutilgan.
Islom Karimov masjidning ichki va tashqi ko`rinishi, bahavo ayvonlari, milliy o`ymakorlik uslubida ishlangan ustunlar, bino qubbasidagi oltin suvi bilan ziynatlangan naqshlarni ko`zdan kechirib, qo`li gul ustalarning mehnatiga munosib baho berdi.
Eslatib o`tamiz, davlatimiz rahbari Islom Karimov shu yilning 18 iyul kuni bu maskanda bo`lib, qurilish ishlari bilan tanishgan edi. Shu bilan birga yurtboshimiz bu erda mohir quruvchi, muhandis va ustalarning faoliyati bilan tanishib, amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari haqida fikr bildirib, majmuani yanada takomillashtirish bo`yicha muhim ko`rsatma va tavsiyalar bergan edi. Oradan ikki yarim oy o`tib, 2400 kishiga mo`ljallangan majmuadagi ishlar o`z nihoyasiga etdi.





