Marg`ilonda navbatdagi “Atlas bayrami“ festivali o`tkaziladi

Madaniyat 06.09.2018, 14:09
Marg`ilonda navbatdagi “Atlas bayrami“ festivali o`tkaziladi

Joriy yilning 11-15 sentyabr kunlari Marg`ilon shahrida “Atlas bayrami“ to`rtinchi festivali bo`lib o`tadi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

Tadbir YuNESKO ishlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi, Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi, “Hunarmand“ uyushmasi, YuNESKOning mamlakatimizdagi vakolatxonasi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.

“Atlas bayrami“ festivali milliy hunarmandchilikni rivojlantirish, uni xalqaro miqyosda ham keng targ`ib qilish, usta hunarmandlar bilan tajriba almashish, mamlakatda turizmni rivojlantirish, aholi, ayniqsa, xotin-qizlar bandligini ta`minlashga xizmat qilmoqda.

Unda Rossiya, Xitoy, Ispaniya, Fransiya, Mongoliya, Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikiston va boshqa mamlakatlarning ustalari, rassomlari, soha mutaxassislari ishtirok etadi.

Festival doirasida Buyuk ipak yo`li an`anaviy to`qimachiligi mavzusida ekspertlar kengashi, “Buyuk ipak yo`lidagi Sharq va G`arb ta`siri: Xanchjou, Marg`ilon, Valensiya“ mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya o`tkaziladi. Yosh hunarmandlar uchun mahorat saboqlari, to`qimachilik ko`rgazmalari tashkil etiladi. Shuningdek, “Hunarmandlar shaharchasi“ deb nomlangan amaliy san`at buyumlari yarmarkasi, O`zbekiston modelerlari shou-defilesi, konsertlar, kurash musobaqasi, dorbozlar tomoshasi, qo`g`irchoq teatrlari chiqishlari ham bo`lib o`tadi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1