AsosiyJamiyat

“O`ZBEK XALQINING KELIB ChIQISh TARIXI”

'“O`ZBEK XALQINING KELIB ChIQISh TARIXI”'ning rasmi

Kuni kecha “O`zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan taniqli tarixchi-arxeolog olim, o`zbek xalqi etnogenezi va etnik tarixi bo`yicha qator ilmiy maqolalar, risola va kitoblar muallifi bo`lmish akademik Ahmadali Asqarovning “O`zbek xalqining kelib chiqish tarixi” nomli asari rus tilida chop etildi.

Asar o`zbek xalqining etnogenezi, etnik va millat bo`lib shakillanish tarixiga bag`ishlangan bo`lib, unda xalqimizning yaqin 4 ming yillik tarixi arxeologik, antropologik, etnografik, lingivistik, tarixiy toponimika va qadimgi yozma manbalar ma`lumotlarining ilmiy tahlili asosida bayon etilgan.

Shu munosabat bilan poytaxtimizdagi “Wyndham Tashkent” mehmonxonasining “Ma`naviyat va ma`rifat” zalida tarix fanlari doktori, professor, O`zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Ahmadali Asqarov qalamiga mansub “O`zbek xalqining kelib chiqish tarixi” nomli asarning rus tilida chop etilgan nashri – “Istoriya proisxojdeniya uzbekskogo naroda” kitobining taqdimoti bo`lib o`tdi.

Tadbirda tarixchi olimlar, arxeologlar, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Xususan, so`zga chiqqan Sharqshunoslik instituti professori Mirsodiq Ishoqov asarning ahamiyati, batafsil ma`no-mazmunini bayon etdi.

– Ushbu asarni yozishga turtki bo`lgan sabablar masalasiga kelsak, – deydi muallif A. Asqarov, – avvalo, biz olimlarga Istiqlol bergan ijodiy erkinlik bo`lsa, undan keyin ona vatan va xalqimga bo`lgan sadoqatim, mavzu bo`yicha mutaxassis sifatida burchim edi.

“O`zbekiston” NMIU direktorining nashriyot ishlari bo`yicha birinchi o`rinbosari Mizrob Bo`ronov kitobni chop etishdagi murakkabliklar, uning xalqimiz, chunonchi yoshlarimiz uchun o`zlikni anglashdagi o`ziga xos dasturilamal bo`lishini ta`kidladi.

“O`zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyida chop etilgan kitobda o`zbek xalqining millat sifatida shakllanish jarayoni, milliy mentalitet tushunchasi va uning o`ziga xosliklari tadqiq qilingan, boy moddiy, madaniyat va yozma manbalarning chuqur ilmiy tahlili berilgan.

Taqdimotda so`zga chiqqanlar asarga yuqori baho berib, 660 betdan iborat ushbu monografiya o`zbek xalqi tarixini yanada boyitishda ilmiy asos bo`lib xizmat qilishini, kitob so`nggi yillarda O`zbekiston tarixi bo`yicha yaratilgan eng yaxshi asarlar qatoridan o`rin olishini ta`kidladi.

Ushbu kitobning har ikkala tildagi “O`zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan yuksak darajada dizaynlashtirib, chop etilgan. Uning dizayni kitob mazmuni va qimmatiga hamohang. Sirasini aytganda, mazkur fundamental asarning yuksak ilmiy va poligrafik asosda chop etilishi mustaqil O`zbekistonimiz tarix fani rivoji uchun katta yutuqdir.

O`zMAA “O`zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi

Matbuot xizmati

    Boshqa yangiliklar