AsosiyJinoyat

​Singilning or–nomusi uchun etti yil qamoq...

'​Singilning or–nomusi uchun etti yil qamoq...'ning rasmi

2017 yil iyul oyida Dilshod ishlash uchun Rossiyaga ketadi. Noyabrda uyga qaytib kelgach, qo`ni-qo`shnilar singlisining qadam tashlashi bejo ekanligini aytib, har xil gap qilishadi. Dilshod singlisi shu qishloqlik Ahmad ismli yigit bilan uchrashib yurganini bilib qoladi. Onasi ham bu ma`lumotni tasdiqlaydi va o`g`liga «Ahmad bilan gaplash, niyati jiddiy bo`lsa sovchi yuborsin, odamlar gapiryapti», deydi.

Bir necha kundan so`ng mahalla inspektori yonidan qaytayotgan yigit tasodifan singlisining oshig`ini uchratib qoladi.

— Uka, bunday yurishing yaxshi emas. Qo`ni-qo`shni gap qilyapti. Sovchilaringni yubor, kattalarning rozi-rizoligida singlim bilan boshingizni bog`lab qo`yaylik, – deya Dilshod Ahmadga maslahat soladi. Ammo yigit pinagini ham buzmay bu haqida keyinroq o`ylab ko`rishini aytadi. Yigitning o`zini tutishi Dilshodga yoqmaydi. Ammo sir boy bermaslik uchun «Yana gaplashamiz», deb xayrlashadi.

Uyda mollarga qarayotgan Dilshod darvozadan yig`lab kirib kelgan singlisi va otasiga ko`zi tushadi. Nima gapligini so`raganida singlisi Ahmad qo`ng`iroq qilib nafsoniyatiga tegadigan gaplar qilgani, qiz telefonni otasiga berganida u battar haqorat qila boshlaganini so`zlab beradi. Dilshod «Bu yigit bilan jiddiy gaplashib qo`yish kerak ekan», deb xayol qiladi. Ammo shu kuni uchrashishga fursat bo`lmaydi.

2017 yilning 10 dekabr kuni tog`dan o`tin olib qaytgan Dilshod onasini parishon ahvolda ko`radi. Ayol qizi Salimaning mazasi qochib, tili orqaga ketib qolganini aytadi. Shu kuni oila boshlig`i qizini tuman markaziy shifoxonasiga olib boradi. Dilshod singlisidagi o`zgarishlarni anglolmayotgan bo`lsa-da, bunda Ahmadning qo`li borligini taxmin qilardi.

Oradan bir necha kun o`tib, Ahmad Salimaga qo`ng`iroq qiladi. Ikkisi nimanidir kelisha olmadi chog`i, qiz «O`zimni o`ldiraman, bunday yurganimdan ko`ra o`lganim yaxshi», deya baqira boshlaydi. Singlisini kuzatib turgan Dilshod undan nima bo`lganini surishtiradi. Salima:

– Aka, u nomusimga tegdi. Meni kechiring, yashashni xohlamayman, deya vaziyatni tushuntirgan bo`ladi.

Uyali telefon musiqasi yangray boshlaganida ko`zi qonga to`lgan aka «Sen tegma, o`zim javob beraman», deya singlisiga imo qiladi.

— Ahmad, shu gaplar rostmi? Sen...sen singlimning nomusiga tegdingmi?

— Ha, nima gaping bor? Zo`r bo`lsang, «Asomiddin» to`yxonasiga kel, yuzma- yuz gaplashamiz, – deydi Ahmad.

— Salima, nima qilib qo`yding? Bizni sharmanda qilding-ku. Nimani o`ylading, singlim, – deya alamdan arang o`zini nazorat qilayotgan Dilshod ota-onasining to`ydan qaytganini sezmay qoladi.

— O`g`lim, bu erda nima bo`lyapti? Nega bu ahvoldasan? Salima, nima gap?

— Men keldim, uka, yur, tashqarida gaplashib olamiz – deydi Dilshod ortiqcha shovqin ko`tarmay. Ahmad ortiga qarab qocha boshlaydi.

Dilshod og`ziga kelgan gap bilan Ahmadni haqorat qiladi, so`ng qo`lidagi telefonni uloqtiradi.

Otasining savollariga javoban, Dilshod, Ahmad bilan bo`lgan voqeaning uchini chiqaradi. Yuragini changallagan ota «Qizim, elu yurt oldida sharmanda qilding-ku, endi qanday qilib bosh ko`tarib yuramiz», degancha devorga suyanib qoladi va «Meni o`ldirding, qizim, o`ldirding!», deydi.

Otasining ahvolidan qattiq ta`sirlangan Dilshod shu tobda nima qilarini bilmasdi. «Asomiddin to`yxonasiga kel, deganmidi, boraman, ta`zirini beraman. Nomusga tegish qanday bo`lishini ko`rsatib qo`yaman!».

Shu xayollar bilan Dilshod oshxona pichog`ini ko`ylagining eng qismiga yashiradi. Ko`chaga chiqib, tanishining «Damas» mashinasida to`yxonaga etib oladi.

Dilshod to`yxonadan Ahmadni topa olmaydi. Endigina ortiga qaytib ketmoqchi bo`lib turganida uning o`zi Dilshodga ro`baro` keladi.

Dilshod uni tutib olish uchun qo`liga ilingudek biror nima qidiradi. Shu mahal engining ichidagi pichoq otilib chiqadi-yu, Ahmadni jarohatlaydi. Pichoq ikki marta chap qo`lning bilak sohasi, bir marotaba orqa tomondan qorin bo`shlig`ining chap tomoniga sanchiladi. Odamlar baqir- chaqiridan hushini yig`ib olgan Dilshod nima qilib qo`yganini anglab, qochmoqchi bo`ladi. Ammo uni tutib olishadi.

To`yxonada Ahmadga birinchi tez tibbiy yordam ko`rsatiladi. Yigit zudlik bilan shifoxonaga olib ketiladi. Ahmad tirik qolgan.

To`y bo`ladi, ammo...

Sodir etilgan jinoyat yuzasidan bo`lib o`tgan sud majlisida Ahmad Meliboev, Salima Shukurova bilan qay tariqa tanishgani, u bilan bir necha marotaba jinsiy aloqada bo`lganini so`zlab bergan. Uning ko`rsatmasida aytilishicha, yigit otasi safardan qaytishi bilan qizning uyiga sovchi yubormoqchi bo`lgan. Ma`lum bo`lishicha, bo`lib o`tgan voqealardan so`ng Ahmad va Salima unashtirilgan. Sudda, A. Meliboev qizga uylanishi haqida ko`rsatma beradi.

Oilalar o`rtasida yuzaga kelgan yoqimsiz vaziyat echimini topgan bo`lsa-da, Dilshod Shukurov sodir etilgan jinoyatda aybli deb topilib, JKning 25, 97 – moddasi 2 – qismi «l» bandi bilan JKning 57 – moddasini qo`llab etti yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Bebosh qiz niyatiga etdi, u endi seviklisi bilan turmush quradi. Ammo akasining qamalishiga sabab bo`lgan singil baxtli bo`la olarmikan? Akasi ozodlikka chiqqach, qanday qilib ko`zlariga qaraydi? Kuyov-chi, u bu oilada hurmat topa oladimi? Bunisi bizga noma`lum. Bilganimiz, o`ylamay tashlangan qadam bir inson umrining zavoliga sabab bo`ldi.

O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati hamda jinoyat ishlari bo`yicha

Boysun tuman sudi sudyasi Jasur Xudoyberdiev bilan hamkorlikda tayyorlandi

    Boshqa yangiliklar