AsosiyJamiyat

Islom Karimov Minsk shahrida bo`lib o`tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi Davlat rahbarlari kengashining majlisida qatnashdi

Minsk shahrida 9-10 oktyabr kunlari bo`lib o`tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi Davlat rahbarlari kengashining majlisida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov ishtirok etdi. Bu haqda O`zbekiston Milliy axborot agentli matbuot xizmati xabar beradi.

Davlat rahbarlari kengashining majlisida Hamdo`stlik doirasidagi hamkorlikni rivojlantirishga oid dolzarb masalalar muhokama qilindi. 
Prezidentlar xavfsizlikni ta`minlash, gumanitar sohadagi aloqalarni kengaytirish yuzasidan fikr almashdilar. 

O`zbekiston Prezidenti MDH bevosita muloqotni qo`llab-quvvatlash, dolzarb masalalarni muhokama qilish imkonini beradigan tuzilma, a`zo davlatlarni barqaror rivojlantirish, ularning savdo-iqtisodiy salohiyatini faol ishga solish, xavfsizlikka tahdidlarni bartaraf etish borasida o`zaro ma`qul yondashuvlar, muvofiqlashtirilgan amaliy choralar ishlab chiqishga xizmat qiladigan maydon ekanini ta`kidladi. 
Islom Karimov sammit qatnashchilari e`tiborini Hamdo`stlik makonida to`laqonli erkin savdo zonasini shakllantirish va uni tezroq ishga tushirish zaruratiga qaratib, bu o`zaro savdo va sarmoyaviy aloqalarni kengaytirish uchun imkon qadar ko`p shart-sharoit yaratishini qayd etdi. 

Ma`lumki, MDH doirasida muayyan yillarni gumanitar mavzu bilan nomlash va tegishli chora-tadbirlarni belgilash an`anaga aylangan. Sammit qatnashchilari MDHda 2016 yilni ta`lim yili, deb e`lon qilishga kelishib oldilar. 
Xavfsizlik masalalari muhokama qilinar ekan, narkotik moddalarning noqonuniy aylanishini nazorat qilish, noqonuniy migrasiya va odam savdosiga qarshi kurashish borasidagi hamkorlikka oid hujjatlarning loyihalari ko`rib chiqildi. 
Davlat rahbarlari kengashining majlisida MDHni yanada rivojlantirish konsepsiyasini hayotga tatbiq etish bo`yicha asosiy chora-tadbirlar rejasi ijrosining borishi tahlil etildi, qator tashkiliy masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi. 
Hamdo`stlikka raislik Qozog`iston Respublikasiga o`tdi. 

Minskka tashrif asnosida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan muzokara o`tkazdi. 
Suhbat chog`ida ikki tomonlama munosabatlarni yanada yuqori pog`onaga ko`tarish bilan bog`liq masalalar yuzasidan fikr almashildi. 
O`zbekiston – Belarus munosabatlari do`stlik va hamkorlik tamoyillari asosida rivojlanib bormoqda. Ikki mamlakatning mintaqaviy va xalqaro masalalarga qarashlari o`xshash va yaqin. Tashqi siyosat mahkamalari o`rtasida muntazam maslahatlashuvlar yo`lga qo`yilgan. 

Belarus O`zbekistonga Markaziy Osiyodagi asosiy iqtisodiy sheriklaridan biri sifatida qaraydi. Savdo ko`lami yil sayin kengaymoqda. 2013 yilda o`zaro tovar ayirboshlash hajmi 193,5 million AQSh dollarini tashkil etdi. O`zbekistondan Belarusga eksport qilinadigan paxta tolasi, to`qimachilik sanoati va qishloq xo`jaligi mahsulotlari, avtomobillar miqdori muttasil oshmoqda. Belarusdan O`zbekistonga og`ir yuk tashuvchi avtomobillar va traktorlar import qilinadi. Ayni paytda mamlakatlarimiz birjalari, savdo-sanoat palatalari, yirik ishlab chiqarish korxonalari o`rtasida bevosita hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan muloqotlar davom etmoqda. 

Suhbat chog`ida o`zaro munosabatlarda savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalar ustuvor ekani, Ikki tomonlama hamkorlik bo`yicha O`zbekiston-Belarus hukumatlararo qo`shma komissiyasining faoliyatini kengaytirish bu sohadagi aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi ta`kidlandi. 

 

    Boshqa yangiliklar