Andijonda kollej talabasi maktabga o`g`irlikka tushib, qorovulni urib o`ldirdi.
Ma`lum bo`lishicha, Andijon shahar Transport va xizmat ko`rsatish kolleji 3-kurs talabasi sudlanuvchi voyaga etmagan A.T 2018 yil 19 mart kuni soat 17:30 larda Andijon shahar, Maybog`cha ko`chasida joylashgan 31-umumta`lim maktab binosining orqa qismidagi deraza oynasini sindirib kirganidan keyin binoning 1-qavatidagi “Yoshlar ittifoqi” xonasiga ham ketmon yordamida deraza oynasini sindirib kirib, shkafda bo`lgan 778.459 so`mlik “View Sonic” rusumli proektor apparatini olib chiqmoqchi bo`ladi. Shu paytda maktab qorovuli O.A ko`rib qolgani uchun undan yashirinib, 2-qavatga chiqib qochmoqchi bo`lganida, O.Abidov uni ushlab, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirmoqchi ekanini aytadi.
A.T qo`lida bo`lgan ketmondan qurol sifatida foydalanib, unga hujum qilib, xayoti va sog`lig`i uchun xavfli bo`lgan zo`rlik ishlatib, ketmonning orqa qismi bilan uni bosh va yuz sohasiga qasddan bir necha marotaba zarba berib, og`ir shikast etkazadi. Qorovul xushsiz holatga kelganidan keyin “Yoshlar ittifoqi” xonasiga qaytib kirib, proektor apparatini sumkasi va ikki dona ulanish kabellari bilan birga bosqinchlik yo`li bilan qo`lga kiritib, voqea joyidan qochib yashiringan.
Maktab qorovuli O.Aga ko`rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan, 2018 yil 26 mart kuni soat 4:30 larda vafot etgan.
Sudlanuvchi A.T sud majlisida aybiga to`liq iqror va qilmishidan chin ko`ngildan puyshaymon bo`lib ko`rsatuv berdi.
Jinoyat ishlari bo`yicha Andijon shahar sudining 2018 yil 7 avgustdagi hukmi bilan sudlanuvchi A.T ga O`zbekiston Respublikasi JK 104-moddasi 3-qismining “d” bandi, 164-moddasi 3-qismining “v,g” bandlari bilan uzil kesil 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Shuningdek, Andijon shahar Transport va xizmat ko`rsatish kollejida o`tkazilgan ochiq muloqоtda jinoyat ishlari bo`yicha Andijon shahar sudi tomonidan mazkur jinoyatning kelib chiqish sabablari, jinoyatni sodir etishga imkon bergan shart sharoitlar, kelgusida bu toifadagi jinoyatlarning oldini olish masalalari muhokama qilindi.