AsosiyJamiyat

Direktor o`zlashtirgan mablag`lar

Maktab — muqaddas dargoh. Ta`lim, tarbiya o`chog`i. Biz bu dargohda mehnat qiluvchi insonlarni nihoyatda qadrlaymiz. Ustozni otadek ulug` ko`ramiz. Demak, mo``tabar maskan rahbari deganda, oliyhimmat, ziyoli, halol va mehnatsevar, boobro` odamni tushunamiz.

Shuning uchunmi, gohida maktab yoki u erda faoliyat ko`rsatuvchi insonlar haqida tanqidiy fikr eshitib qolsak, dilimiz og`riydi. Uni xuddi yaqin kishimiz haqida bildirilgan fikrday qabul qilamiz. Axir, bu dargoh hech birimizga begona emas. Shunday ekan, uning taqdiriga befarq qaray olmaymiz.

Dostonbek Toshev (ism-fa­miliya­lar o`zgartirilgan) Hazorasp tumanidagi umumta`lim maktablaridan birining direktori edi. U bu lavozimda olti yildan buyon faoliyat ko`rsatib kelardi. Biroq, uning faoliyati tahlil qilinganda lavozimiga nomunosibligi ayon bo`ldi. Uni maktabdagi ta`lim-tarbiya jarayonini yaxshilash, o`qituvchilar mehnatini munosib rag`batlantirish, ijodiy muhitni shakllantirish, yosh avlodni har tomonlama komil insonlar qilib tarbiyalashdan ko`ra o`z cho`ntagini qappaytirish masalasi ko`proq qiziqtirgan ekan.

U 2013 yilning may oyida maktab ishchi-xizmatchilari nomiga yozilgan mukofot pullari va oylik maoshlari o`z javobgarligida va ixtiyorida ekanligidan foydalanib, 12 nafar xodim nomiga yozilgan 3 million 133 ming so`m pulni o`zlashtirib yuboradi. Shuningdek, maktab direktori ish haqi tarqatish ro`yxatidagi yana to`rt nafar xodimning 1 million 622 ming so`m mukofot pulini qalbaki imzolar bilan olib, o`z ehtiyojlari uchun ishlatib yuboradi.

Achinarlisi, maktab hisobchisi N.Xolboev ham o`zining rahbaridan o`rnak olib, u bilan til biriktirgan holda, ishchi-xizmatchilarning oylik ish haqlarini plas­tik kartochkalarga o`tkazib, 2012 yil aprel-oktyabr oylarida, jami 1 million 704 ming so`m ish haqlarini talon-toroj qilishadi. Bu ham etmagandek, xodimlarning 2 million 613 ming so`m ish haqlarini o`zlariga yaqin bo`lgan kishilar, jumladan, M.Xudoyberganov, F.Sobirova, S.Jumaniyozovalarning nomiga ochilgan plastik kartochkalarga o`tkazib, o`z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborishadi.

Shuningdek, direktor D.Toshev hisobchi N.Xolboev bilan birga O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 21 dekabrdagi qarori bilan tasdiqlangan "Umumta`lim muassasalarining o`rnak ko`rsatgan xodimlarini rag`batlantirishning direktor jamg`armasi to`g`risida"gi Nizomning bandlarini qo`pol ravishda buzib, 2012 yil mart-dekabr oylarida 14 nafar o`qituvchiga 2 million 10 ming so`m, 2013 yil may va avgust oylarida 17 nafar o`qituvchiga 1 million 633 ming so`m rag`bat pullarining va ayrim o`qituvchilarga ish haqlarining ortiqcha to`lanishiga yo`l qo`yib, davlatning 4 million 395 ming so`m pul mablag`larini o`zlashtirib oladi.

D.Toshevga xodimlarning haqlarini o`zlashtirayotgani kamlik qilib qolgan, shekilli, maktabni isitish uchun pul o`tkazish yo`li bilan sotib olingan 1 tonna 800 kilogramm ko`mirni 198 ming so`mga sotib yuboradi.

2013 yil 30 noyabr kuni maktab bilan "Tuyamo`yin savdo" MChJ o`rtasida shartnoma imzolanib, MChJ hisob raqamiga 1 million 774 ming so`m pul mablag`lari o`tkazib beriladi va go`yoki MChJdan shu pulga mebel jihozlari qabul qilib olingani haqida hisob-faktura tuziladi. Biroq, bu mebellar maktabgacha etib kelmaydi. Bu kabi misollardan ko`rinib turibdiki, D.Toshevning o`z manfaatlarini o`zgalarnikidan ustun qo`yuvchi, halollik mezonlarini unutgan, qonun talablariga rioya qilishni istamagan shaxsligi ayon bo`ldi.

Yuqorida ta`kidlaganimizdek, o`qituvchilik sharafli kasb. Bu kasb egalarining haqiga xiyonat qilish, ularning halol mehnatlari evaziga olgan daromadlarini o`zlashtirishni hech nima bilan oqlab bo`lmaydi. Bunday qilmishni sodir etganlar muqarrar jazoga loyiqdir. D.Toshevga sud hukmi bilan tegishli jazo tayinlandi.

manba: http://www.huquq-gazeta.uz

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar