O`zbekistonlik 22 nafar yosh iqtidor Madrid shahriga etib bordi hamda “Real” futbol akademiyasida mashg`ulotlarga kirishdi. Bu haqida O`FA xabar bermoqda.
O`FA birinchi vise-prezidenti Umid Ahmadjonovning yil boshida Ispaniyaga qilgan tashrifidan keyin “Real” futbol akademiyasi bilan hamkorlik aloqasi yo`lga qo`yilgandi. Buning mantiqiy davomi sifatida shu yilning iyun oyida akademiyaning uch mutaxassisi Toshkentga kelib, ikki hafta davomida o`zbekistonlik 300 nafar futbolchi bo`lish orzusidagi bolalar bilan mashg`ulot o`tkazdi.
Bunda O`zbekiston futbol assosiasiyasi har bir viloyatga teng kvota ajratgan bo`lib, 300 nafar iqtidor egalari bir qator sport shartlar asosida saralab olingan. “Real” akademiyasi bilan tanishish istagida bo`lgan bolakaylar orasida sog`lom raqobat bo`lishi hamda tanish-bilishchilikning oldi olinishi muhim faktor hisoblanardi.

Toshkentda bo`lgan uch mutaxassis 300 nafar tarbiyalanuvchi orasidan 22 nafarini o`zi tanlab oldi va bu ishga O`FA mutaxassislari aralashtirilmadi. Sentyabr oyi so`ngida esa O`FA o`z hisobidan mazkur iqtidor egalarini Madridga jo`natdi.

2004—2008 yillar oralig`ida tavallud topgan futbolchilarimiz avvaliga O`zbekiston futbol assosiasiyasi tomonidan ekipirovkalar qabul qilib olgandi. Madrid shahrida ular “Real” akademiyasiga tegishli formalar bilan siylandi. Endilikda mazkur futbolchilar “Real” futbol klubi tarixi, yutuqlari bilan yaqindan tanishish, uning jahonga mashhur akademiyasi faoliyatini o`rganishi, ispaniyalik boshqa mutaxassislar qo`l ostida mashg`ulot o`tkazishi mumkin bo`ladi.

O`zbekiston futbol assosiasiyasi mamlakat futbolidagi yosh iqtidorlarni har yili shunga o`xshash loyihalar bilan qamrab olishni rejalashtirgan.
Ular nafaqat futbolga bo`lgan mehr va vatanparvarlik ruhida tarbiya topishi, balki o`z orzulari yo`lida parvoz qilish imkoniyatiga ham ega bo`lishlari kerak. Ularga keyinchalik katta futbolga kirib borish nasib etadimi yoki yo`q — muhim emas.







