Odatda energetika tizimini butun sayyoramiz hayotining qon-tomirlariga qiyoslanadi. Chunki, elektr energiyasiz nainki jamiyatning biror tarmog`i, balki kundalik maishiy hayotimizni ham tasavvur etolmaymiz.
Sir emas, bugun mamlakatimizdagi echimini kutayotgan muammolardan biri bu elektr ta`minotidir. Aholining turli yuqori tashkilotlarga yo`llayotgan murojaatlarining ham katta qismini elektr ta`minotidagi uzilishdlar tashkil etadi. Keyingi ikki yilda joylarda bu muammo biroz bo`lsa-da hal etilgandek. Ko`pgina hududlarda oldingidek muttasil uzilishlar kuzatilmayapti.
Mamlakatimizning energiya ta`minotiga bo`lgan talab va ehtiyojlarini to`laqonli ta`minlash borasidagi ishlarni alohida e`tirof etish zarur.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 23 noyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan 2017-2021 yillar davomida past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yanada modernizasiya qilish va yangilash dasturi doirasida 2,5 million nafardan ortiq iste`molchining energiya ta`minotini yaxshilash maqsadida 34 ming kilometr elektr tarmoqlari hamda 6,9 ming dona transformatorni modernizasiya qilish bo`yicha 835,9 million AQSh dollari qiymatidagi ishlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda mamlakatimizda yiliga 57 milliard kVt/soatdan ziyodroq elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda. Istiqbolli rejalarga asosan, 2030 yilga borib mamlakatimizda 100 milliard kVt/soatdan ortiq elektr energiyasi ishlab chiqilishi mo`ljallangan.
Shu bilan birga joylarda muqobil energiya manbalaridan foydalanish bo`yicha ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Yurtimizning turli burchaklarida yangi stansiyalar barpo etish, eskilarini ta`mirlashga e`tibor qaratilmoqda. Mamlakatimizda muqobil energiyalaridan ham unumli foydalanish bo`yicha bir qator huquqiy me`yorlar qabul qilingan. Ana shu qaror va farmonlar ijrosi yuzasidan “Fizika-Quyosh” ilmiy ishlab chiqarish ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi bazasida Quyosh energiyasi instituti tashkil etildi. Yaqin to`rt yili ichida “Sky Power Global” xalqaro klmpaniyasi bilan hamkorlikda quvvat 1000 MVT ga teng Quyosh fotoelektr stanisiyasini ishga tushirish mo`ljallangan.
Mamlakatimiz rahbari joriy yilning 5 yanvar kuni Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida so`zlagan nutqida ham mamlakat tarixida birinchi marta AES qurish bo`yicha Rossiya bilan shartnoma imzolanganini ta`kidladi.
"Rosatom" korporasiyasi bosh direktori Aleksey Lixachevning fikricha, O`zbekistonda atom elektr stansiyasi qurilishi mamlakat energetikasining istiqboldagi imkoniyatlarini belgilab beradi. Ushbu ob`ekt qurilishi davrida 6 minggacha kishi ish bilan ta`minlanadi va stansiya ishga tushgach, yana 2 mingga yaqin kishi ish joyiga ega bo`ladi. Quvvati 2,5 GVt.ni tashkil etuvchi ushbu ob`ekt qurilishi mamlakatning ichki energiya ta`minotidagi muammolarni hal etibgina qolmay, xorijga ham elektrni eksport qilish imkoniyatini beradi.
Bir paytlar mintaqa davlatlari o`rtasida yuzaga kelgan sovuq munosabatlar energetika tizimi rivojiga ma`lum to`siqlarni yaratgandi. Tojikistonda Rog`un GESining quriliishi, O`zbekistonning “Farhod” GESi huquqiy maqomining noaniqligi, Qirg`iziston bilan ham ayrim kelishmovchiliklarni misol keltirish mumkin.Keyingi paytlarda qo`shni mamlakatlar bilan har tomonlama aloqalarning rivojlanib borayotgan energetika tizimidagi masalalar echimida ijobiy o`rin tutadi.
Toshkentda 25 iyun kuni "Elektr energetikasi sohasidagi islohotlar va uning istiqbollari – orttirilgan tajriba, xulosalar va rad etilgan afsonalar" mavzusida Xalqaro konferensiyada ham ana shu masalalar muhokama qilindi. Mutaxassislar fikricha, mintaqadagi davlatlar o`zaro kelishilgan holda yagona tizimni yo`lga qo`yish kelgusida o`z samarasini berishi mumkin.
Bugun mamlakatimizda energetika inshootlarini modernizasiyalash, elektr stansiyalar quvvatini oshirish bo`yicha Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, Evropa tiklanish va taraqqiyot banki singari yirik banklar va moliyaviy muassasalar bilan hamkorlik doirasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Shu masalada Toshkent, Navoiy, Tollimarjon, Angren, Taxiatosh issiqlik elektr-stansiyalarida yangi loyihalar asosida zamonaviy qurilmalar ishga tushirildi. “O`zbekeenergo” va Osiyo taraqqiyot banki o`rtasida 1 mlrd 700 mln dollarlik shartnomalar imzolandi.
Bu boradagi ishlar albatta o`zining ijobi samarasini beradi va joylarda elektr energiyasi ta`minotidagi uzilishlarni kamaytirishga xizmat qiladi.
Biroq bu bilan muammolar to`la hal bo`lib qoladimi? Albatta yo`q. Chunki, mamlakatimizda energetika tizimida hali ko`plab islohotlar olib borishga to`g`ri keladi. Chunki, shu paytga qadar mazkur tizimi davlat monopoliyasi asosida faoliyat yuritib keldi. Bu borada xususiy sektorga yo`l berilmadi. Xorijiy sarmoyalar kiritilmadi. Tizimdagi inshootlarning asosiy qismi sovet davrida qurilgan bo`lib, ular bugungi kun talablariga javob bermay qolgandi.
Bugungi kunda mamlakatimizda 32,5 milliondan ziyod aholi istiqomat qiladi. Aholining yil sayin o`sishi o`z-o`zidan turli moddiy zahiralarda, jumladan elektr energiyasiga bo`lgan ehtiyojni ham oshiradi.
Jahon Bankining hisobotiga ko`ra, aholi jon boshiga elektr quvvati iste`moli tobora pasayib borayotgan mamlakatlar qatoridan o`rin olgan O`zbekistonda 10 ta issiqlik elektr stansiyasi va 32 ta GES faoliyat ko`rsatadi. Elektr energiyasining o`n foizdan ko`prog`i GESlardan, qolgan asosiy qismi issiqlik elektr stansiyalaridan olinadi. Har yili mamlakatda 55 milliard kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilsa-da, bu ichki ehtiyojlarimizni to`la-to`kis qoplashga etmaydi. Mamlakat bo`yicha past kuchlanishli elektr tarmoqlarining 67 foizi eskirgan bo`lib, transformator punktlari zo`riqib ishlamoqda.
Byudjet tashkilotlarida ishlaydigan, asosan, o`qituvchilar, shifokorlarning ishlatilmagan energiya uchun maoshidan, pensionerlarning nafaqa pulidan asossiz ravishda ushlab qolishlar oxirgi paytlarda avjiga chiqqan.
Mamlakatning bunday murakkab vaziyatga tushib qolishiga “O`zbekenergo” kompaniyasi faoliyatidagi xato va kamchiliklarni bosh sababchisi sifatida ko`rsatish mumkin. Tizimdagi yuqori rahbar organlaridan tortib, quyi bo`g`inxodimlari o`rtasidagi o`zibo`larchilik va talon-tarojlik holatlari, ishga sovuqqon munosabat, korrupsiyaning avjiga chiqqani, avvalo, to`lov intizomini mustahkamlash, energiya resurslaridan noqonuniy foydalanishning oldini olish, debitor qarzdorlikni kamaytirish bilan bog`liq muammolarni keltirib chiqardi.
Energiya ta`minoti xodimlari va iste`molchilar o`rtasidagi noqonuniy og`zaki bitimlar haqida-ku gapirmasa ham bo`ladi. Ya`ni uy egasi “svet”dan falon ming so`mga etgan qarzini engillatmoqchi. “Elektr tarmoqlari” xodimi esa, endi “endi nima qilamiz, akaginam” deb ko`zini chaqchaytirib turibdi. Bunday holatda ko`pchilik davlat oldidagi vijdon oldidagi burchini emas, besh-to`rt so`m tejab qolishni o`ylaydi. Shu tariqa “hisoblagilar” orqaga qaytariladi, qarzlar kamaytiriladi. Qarabsizki uy egasi ham, tekshiruvchi ham xursand. Faqat davlat xazinasiga ziyon etkazilgani qoladi xolos. Bu holatlar yillar davomida, minglab, millionlab marotaba yuz bersa-chi? Unda davlat qanchalik zarar ko`rishini bir tasavvur qiling a?
Ayrim tashkilotlar, korxonalar, maishiy xizmat shoxobchalari, xonadonlar tomonidan elektr energiyasidan butunlay o`g`rincha foydalanayotgani haqida ham istagancha misol keltirish mumkin. Tekshiruvchilar bunday huquqbuzarliklarni sezib qolgan taqdirda ham ish aybdorning jarima to`lashi bilan emas, “o`zaro kelishuv” bilan echim topadi. Tabiiyki, “tekshiruvchilar”ni ham tekshiruvchilar bor, ularni “tergab” turadigan rahbarlar bor. Va ular topganini o`z rahbarlari bilan “arra” qilishi” kerak. Bu kabi muammolar “urchib” yotgan paytda energetika ta`minotidagi muammolarni batamom hal etish mumkinmi?
Albatta mumkin! Eng avvalo energetika inshootlarini modernizasiyalash, yangi texnologiyalarni joriy qilish zarur. Tizimdagi korrupsiya hoaltlariga ham tubdan barham berilishi lozim. Buning uchun esa, xorijiy va mahalliy investisiyalarni yanada ko`proq jalb etish kerak. Aholi xonadonlari, korxona va tashkilotlarni yangi, zamon talablariga xos hisoblagichlar bilan ta`minlash zarur. Sohadagi xodimlar faoliyatini ham qat`iy nazoratga olish talab etiladi.
Darvoqe, ushbu tizimning shu paytgacha zarar botqog`iga botib kelayoganiga yana bir sabab narxlarning sun`iy ravishda pasaytirib yuborilganidir. Shu paytga qadar bu ne`mat iste`molchilarga o`z tannarxidan ham pastroq qiymatga sotib kelingan. Bu esa, mamlakat energetika tizimininig qarz va zarar botqog`iga botishini tezlashtirgan.
Keling, shu o`rinda qo`shni va xorijiy mamlakatlarda 1 kVt elektr energiyasining narxini taqqoslab ko`raylik: Ma`lumotlarga ko`ra, dollarni tashkil qiladi, Rossiyada 0,05 dollar, Armanistonda 1 kVt/soat elektr energiyasi narxi ($) 0,07–0,09 dollar. Eronda 0,04, Ozarboyjon – 0,04–0,06, Belorusiya – 0,06–0,1, Gruziya – 0,05–0,09, Germaniya 0,37, Turkiya – 0,32, Ukrainada– 0,03, AQSh – 0,09 – 0,3, Yaponiyada – 0,26, Avstraliyada 0,29 Daniya – 0,30 AQSh dollaridan sotiladi. Bizda yakka tarotibdagi iste`molchilar uchun 1 kVt/soat elektr energiyasining narxi 2018 yilning 1 aprelidan boshlab, 228 so`m 60 tiyin qilib belgilangan. Bu taxminan 0,027 dollarga teng. Demak, boshqa davlatlarga qaraganda anchagina arzon.
Ammo, faqat narxdagi tafovut bilan maqtanib bo`lmaydi. Holbuki, aksariyat davlatlarda, masalan Turkiyada narx-navo bizdan 12 baravar qimmat. Ammo, ularda na shahar, na qishloqda uzilish deyarli kuzatilmaydi. Boshqa Evropa davlatlarida ham shunday. Chunki, ushbu mamlakatlarda energetika tizimida davlat monopoliyasiga chek qo`yilgan. Iste`molchilarga o`nlab, yuzlab xususiy kompaniyalar elektr energiyasi etkazib beradi. Tabiiyki, raqobat katta. Har bir kompaniya imkon qadar sifatli va uzluksiz xizmat ko`rsatib, o`z mijozlari sonini oshiriga intiladi. O`z-o`zidan tarmoqda o`g`irlik ham, “tekshiruvchilar” bilan “kelishuvlar” ham, korrupsiya va milliardlab zarar ham bo`lmaydi. Narxi qimmat bo`lsa-da, uzilish yo`q, sifat barqaror!
Biz ham energetika sohasida islohotlar jadallashishini istar ekanmiz, jahon tajribasini amalga qo`llashimiz, allaqachon umrini yashab bo`lgan inshoot va qurilmalarni yangilashimiz xorijiy va mahalliy investorlarni kengroq jalb qilib, tizimni tubdan isloh qilishimiz kerak. Energetika sohasi tizimdagi katta-kichik rahbarlarning qornini to`yg`azuvchi korrupsiya o`chog`i emas, butun mamlakatning bu boradagi ehtiyojlarini to`la-to`kis qondirib, O`zbekiston iqtisodiyotiga foyda keltiruvchi qudratli sohaga aylanmog`i zarur.






