Qashqadaryo viloyatida Janubi-g`arbiy maxsus harbiy okrug boshqaruv apparati harbiy xizmatchilari tomonidan 1 oktyabr — O`qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tadbir o`tkazildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbirda JG`MHO qo`mondonligi, Qarshi shahar bosh imom-xatibi Ahmad Boyqobilov, Qarshi muhandislik iqtisodiyot instituti dosenti Qahramon Mahmanazarov, O`zbekiston Respublikasi san`at arbobi Isoq To`raev ishtirok etib, mamlakatimizda tinchlik va barqarorlik hamda ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar borasida so`z yuritdilar.
Xususan, «Vatanparvarlik oliy fazilat», “Din «ommaviy madaniyat»ni qoralaydi” hamda «G`oya va mafkuraning o`rni» mavzusida ma`ruzalar o`qildi.
Shuningdek, harbiy xizmatchilar uchun O`zbekiston Qahramoni, O`zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov nomidagi maktab-internatiga ekskursiya uyushtirildi.
Maktabda Abdulla Oripov muzeyi ham joy olgan bo`lib, u erdagi eksponatlar harbiy xizmatchilarda katta qiziqish uyg`otdi.

Qarshi shahrida joylashgan mazkur maktab-internat 2017—2018 o`quv yilidan 5—9 sinflarda 150 nafar iqtidorli o`quvchi hamda 16 nafar o`qituvchi, 7 nafar tarbiyachi bilan o`z faoliyatini boshlagan. Maktab-internatda eng zamonaviy texnologiyalar, so`nggi rusumdagi kompyuterlar bilan jihozlangan 14 ta o`quv xonasi, kimyo, biologiya, fizika fanlari uchun laboratoriya xonalari, ilmiy va badiiy adabiyotlar bilan boyitilgan kutubxona, 50 o`ringa mo`ljallangan, barcha shart-sharoitga ega yotoqxona hamda o`quvchilarning ijod qilishlariga mo`ljallangan zamonaviy ko`rinishdagi ijodxona mavjud.
Kechga yaqin esa shahar markazida joylashgan “Yoshlar xiyoboni”da okrug harbiy orkestri tomonidan ijro etilgan kuy-qo`shiqlar shahar aholisiga o`zgacha kayfiyat bahsh etdi.






