Poytaxtimizdagi eng gavjum chorrahalardan biri bo`lgan Maxtumquli, Temur Malik, Parkent ko`chalari va Ohangaron shossesi kesishgan nuqtada 3 pog`onali ko`prik qurilishi ishlari olib borilayotgani munosabati bilan 3 oktyabr kunidan e`tiboran yo`lovchi transporti harakatiga vaqtinchalik o`zgartirish kiritildi. Bu haqda O`zbekiston avtomobil transporti agentligi matbuot xizmati xabar qildi.
Jumladan, 95a-avtobus yo`nalishi, 91m-yo`nalishli taksi, vx366-shahar atrofi yo`nalishida harakatlanuvchi jamoat transporti mazkur hududni aylanib o`tadi.

Mamlakatimiz tarixida ilk marta qurilayotgan 3 qavatli yangi ko`prik yo`ldagi tirbandlikni kamaytirib, haydovchi va yo`lovchilar xavfsizligini ta`minlaydi. Ko`prikning Parkent ko`chasidan Ohangaron shossesiga o`tuvchi qismida uzunligi 500 metrdan ziyod tunnel quriladi.
Ikkinchi bosqichda Qorasuv dahasidan Maxtumquli ko`chasiga chiquvchi yo`lning mazkur tunnel ustidan o`tgan qismida aylanma ko`prik bunyod etiladi. Ikkala ko`prikning ustidan o`tuvchi uchinchi qavat Maxtumquli va Temur Malik ko`chalarini tutashtiradi. Shuningdek, Toshkent mexanika zavodida ishlab chiqarilgan samolyotlarni olib chiqishga mo`ljallangan yo`l o`tkazgich barpo etish rejalashtirilgan.






