AsosiyJamiyat

20-yubiley xalqaro ko`rgazmaga start berildi

'20-yubiley xalqaro ko`rgazmaga start berildi'ning rasmi

2018 yil 3 oktyabr kuni O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O`zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi, O`zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi hamda boshqa qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan XX “Qadoqlash va bosma ishi – O’ZuPACK – O’ZBEKinPRINT – O'ZuPACK 2018” xalqaro ko`rgazmasi o`z ishini boshladi.

Mazkur ko`rgazma joriy yilda o`zining 20 yilligini nishonlayotgani bilan ham alohida ahamiyatga ega. Tadbir tayyor qadoq va qadoqqa belgi qo`yish bo`yicha mahalliy va xorijiy qadoqlash texnikasi ishlab chiqaruvchi va etkazib beruvchilarini, ishlab chiqarishning boshidan oxirigacha bo`lgan jarayonlar, qadoq, belgi va poligrafiya ishlab chiqarishdan iborat bo`lgan turdosh ishlab chiqarishlarni bir maydonda jamlaydi.

– Ushbu ko`rgazmani Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev boshchiligida olib borilayotgan izchil islohotlar samarasi deb bilaman, – deydi ko`rgazmaning rasmiy ochilish marosimida so`zga chiqqan, O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi Bosh direktori Laziz Tangriev. – O`ylaymanki, tadbir nafaqat ishtirokchilar uchun, balki bu erga kelayotgan va shu sohaga qiziquvchilar uchun ham foydali bo`ladi. Joriy yildagi ko`rgazma bilan tanisha turib, mutasaddilar bilan keyingi yilda uning ko`lamini yanada kengaytirish bo`yicha kelishib oldik. Men ko`rgazma ishiga muvaffaqiyat tilash barobarida, ko`pchilik uchun manfaatli shartnomalar tuzish maydonchasi bo`lishiga ishonaman.

Ma`lumot uchun shuni aytish kerakki, bu yil ko`rgazma doirasi 16 foizga oshgan bo`lib, unda jami 15 mamlakat – Avstriya, Germaniya, Hindiston, Eron, Italiya, Qozog`iston, Xitoy, Koreya Respublikasi, AQSh, Turkiya, Fransiya, Rossiya, O`zbekiston, Finlyandiya hamda Yaponiyadan 66 ta kompaniya va brend qatnashmoqda.

Yubiley forum uchun qator yirik premeralar – poligrafiya va bosma ishi bozori ishtirokchilari uchun qiziqarli, ya`ni uskunalarni ishlayotgan holatidagi taqdimotlar o`tkazilmoqda. Jumladan, “Akela Group” kompaniyasi stendida uning quyidagi hamkorlari texnologiyalari namoyish etilmoqda.

“Line O Matic Graphic Industries” (Hindiston), “Guangdong Constant Precision” “Machinery” (Xitoy), “Zhejiang Horda Machinery” (Xitoy), “UFLEX Limited” (Hindiston) kabi etakchi xorijiy ishlab chiqaruvchilar qog`oz kesish mashinasi, fleksbosma uchun avtomat uskuna, in`eksiyali quyish mashinasi, kitob korpusini tayyorlash uchun avtomatik mashina, babinali-kesish mashinasi va boshqa zamonaviy uskunalarni namoyish etishmoqda.

Qarorgohi Tokio shahrida joylashgan bosma ishi sohasidagi global etakchi bo`lmish “Ricoh” kompaniyasining bozorga chiqishi yorqin debyut bo`lishi kutilmoqda. Ko`rgazma doirasida raqamli bosish mashinasi, keng formatli ko`p funksiyali qurilma, lateksli printer namoyish qilinadi. “Ricoh Rus”ning O`zbekiston bozoriga rasmiy ravishda kirib kelishi 2017 yilning sentyabr oyida yuz bergandi, o`shanda raqamli tijorat bosma ishi bozorida uskuna va echimlarni etkazib beruvchi etakchi kompaniyalaridan biri, joriy ko`rgazmada ham ishtirok etayotgan “UCD Micros” bilan shartnoma imzolangan edi.

Oziq-ovqat va ichimliklar, nooziq-ovqat tovarlari, kosmetika va dori vositalari, qurilish mollari, sanoat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari jahonning taniqli kompaniyalari “Windmoeller & Hoelscher” (Germaniya), “HAVER & BOECKER” (Germaniya), “SWEMA” (Rossiya-Germaniya), “InKomPro-Servis” (Rossiya), “Ala Sintez” (Qozog`iston), “TEKO ALUMINYUM SANAYI”(Turkiya), “ÜNER PLASTİK” (Turkiya), “NIKOL-PAK” (Rossiya), “ERPAKSAM MAKINA” (Turkiya) va boshqalar bilan amaliy muzokaralar olib borish imkoniga ega bo`lmoqda.

Ko`rgazma debyutanti – “PROFITEKS” kompaniyasi suyuq, yopishqoq va pastasimon mahsulotlarni plastik yoki qog`oz stakanlarga joylashga mo`ljallangan avtomatni namoyish qilmoqda.

Mahalliy bozorning etakchi kompaniyalari “POLIMAKS”, “UZPOLITEX Holding”, “POYTAXT SAVDO GROUP”, “TEZKOR MATBAA”, “CREDO PRINT” va boshqalar yuqori faollikni namoyon etmoqdalar, ular mahsulotining sifati va turlari jahonning eng yuqori standartlariga javob beradi.

Ko`rgazma 5 oktyabrga qadar davom etadi.

    Boshqa yangiliklar