Bugun, 3 oktyabr soat 08-20 da O`zbekiston qorilari – Toshkent islom instituti “Tahfizul Qur`on” kafedrasi mudiri Jahongir qori Ne`matov, institutning 4 kurs talabasi «O`zbekiston Qur`on musobaqasi 2018» mutlaq g`olibi Yo`ldoshbek qori Nuriddinov hamda “Ko`kaldosh” o`rta mahsus islom bilim yurti talabasi Abdurrahmon qori So`fiev Saudiya Arabistonining Madina shahrida bo`lib o`tadigan nufuzli xalqaro musobaqada ishtirok etish uchun jo`nab ketdilar.
Mazkur musobaqada Qur`on hifzi, tilovati va tafsiri yo`nalishlarida jami 82 davlatdan 115 kishi ishtirok etadi.
Ushbu musobaqa Masjidun-Nabaviyda o`tkazilishi rejalashtirilgan bo`lib, bu Saudiya Arabistoni tarixida ilk bor tashkil etilmoqda. Shunday qilib bu musobaqada yurtimizdan ikki nafar qori Y.Nuriddinov (30 porani yoddan o`qish yo`nalishi), A.So`fiev (15 porani yoddan o`qish yo`nalishi) bo`yicha ishtirok etsa, ustoz J.Ne`matov baholovchi hakam sifatida ishtirok etadi.
Eslatib o`tamiz, ushbu musobaqa Muhammad sollallohu alayhi va sallamning masjidlarida 40 yildan beri ilk bor o`tkazilmoqda. Musobaqa 6-11 oktyabr kunlari – olti kun mobaynida bo`lib o`tadi. Vakillarimizning qaysi kuni ishtirok etishi qur`a yo`li bilan aniqlanadi.






