Aqto`be viloyatidagi trassada avtobus yong`ini vaqtida tiriklayin yongan 52 nafar o`zbekistonlikning qarindoshlari har bir sudlanuvchidan etkazilgan ma`naviy zarar uchun 150 million tangadan talab qilishdi, deb xabar bermoqda Sputnik.
O`zbekistonliklarning qarindoshlari talab qilgan umumiy summa 7 milliard 800 million tangani (21 million dollardan ortiqni) tashkil qiladi.
Eslatib o`tamiz, fojia joriy yilning 18 yanvarida Samara-Shimkent trassasining 1068 kilometrida yuz bergan. Kassbohrer Setra rusumli yo`lovchi avtobusi salonida o`sha vaqtda 55 yo`lovchi - O`zbekiston fuqarolari va uch nafar qozog`istonlik haydovchilar bo`lishgan.
Yo`lovchilarning bir nechtasi alanga olgan avtobus ichidan sakrab chiqishga muvaffaq bo`lgan, qolganlari tiriklay yongan.
Avtobus salonidagi temperatura shu darajada yuqori bo`lganki, ayrim jasadlardan faqat kul qolgan, xolos. Avtobusda yongan 16 kishi O`zbekistonning Farg`ona viloyatidan bo`lgan.
Avtobus haydovchilari o`zlariga qo`yilgan aybni tan olmayapti va ularni qo`yib yuborishlarini talab qilishmoqda.






