Rossiya Federasiyasida Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligiga a`zo mamlakatlarning do`stona armiyalari o`rtasida tog` uch kurashi bo`yicha musobaqa o`tkazildi. 3 kun davom etgan bahslarda O`zbekiston jamoasi munosib ishtirok etib, umumjamoa hisobida 2-o`rinni qo`lga kiritdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Bugun, 5 oktyabr kuni erta tongda Toshkent xalqaro aeroportida ishtirokchilarni tantanali kutib olish marosimi bo`lib o`tdi.
Musobaqa Rossiya Federasiyasi Mudofaa vazirligi tog` tayyorgarligi va yashovchanlik markazi bazasida – Evropa qit`asining eng baland nuqtasi – Elbrus cho`qqisi yonbag`irlarida tashkil etildi. Yakka va jamoaviy tartibda toshli qoyaga chiqish, tog` to`siqlari yo`lagidan oshib o`tish va jangovar holatda 5 kilometr masofaga marsh yugurib, o`qotar qurollardan otish kabi maxsus murakkab shartlardan iborat.
O`zbekistonlik shartnoma bo`yicha harbiy xizmatchi oddiy askar Ramazon Mamadiev birinchi imkoniyatdayoq barcha nishonlarni yo`q qildi va 26 daqiqayu 26 soniyali ko`rsatkich qayd etib, 5 km masofaga marsh yugurishda kuchli uchlikdan joy oldi.
Yana bir hamyurtimiz tog` to`siqlari yo`lagidan o`tishda tengsiz ekanini namoyish etdi. U mazkur to`siqli yo`lakni 6 daqiqayu 54,8 soniyada o`tib, 3 ta granatani aniq nishon gabaritiga uloqtirishga erishdi.
Umumiy natijalarga ko`ra, o`zbekistonlik harbiylar 1-mashq bo`yicha 2-o`rin, 2-mashq bo`yicha 1-o`rin va 3-mashq bo`yicha durrang natija ko`rsatib, ochkolar hisobi bo`yicha 2-o`rinni egalladi. Birinchi o`rinni Rossiya Federasiyasi va uchinchi o`rinni Qozog`iston Respublikasi vakillari egalladi.

– O`zbekiston jamoasi ushbu bellashuvga jiddiy hozirlik ko`rib, jamoa tarkibidagi to`rt nafar ishtirokchi Bo`stonliq tumanidagi Chimyon tog` bag`irlarida malakali mutaxassislar ko`magida mashg`ulotlar olib borgan edi, – deydi jamoa murabbiyi mayor Dilshod Hudoyberganov.
Ma`lumot uchun, joriy yilning aprel oyidan sentyabr oyiga qadar MDHga a`zo davlatlar do`stona armiyalari doirasida harbiy-amaliy sportning 7 ta turi bo`yicha musobaqalar o`tkazildi. Sentyabr oyida o`tkazilgan “Armiya qo`l jangi” yo`nalishi bo`yicha chempionat birinchi marotaba Toshkentda o`tkazildi va unda o`zbekistonlik harbiy sportchilar umumjamoa hisobida birinchi o`rinni qo`lga kiritgan edi. Shuningdek, “Komandirlik startlari” va “Sport orientirlanishi” Rossiya Federasiyasida, “Ko`p kurash harbiy sport kompleksi” iyun oyida Belarus Respublikasida, “Ofiserlar uch kurashi” va “MP-3 va KA-3 mashqlarida shtatdagi yoki shtatga ilova qilingan jadvaldagi qurollardan otish” avgust oyida Qirg`iziston Respublikasida bo`lib o`tgan edi. «Komandirlik startlari startlari» va «Ko`p kurash harbiy sport kompleksi» musobaqalarida O`zbekiston harbiylari ikkinchi o`rinni egallagani haqida oldin xabar berilgan.






