1

45 yoshli talaba ayol tovlamachilar girdobiga tushdi

Jinoyat 09.10.2018, 10:00
45 yoshli talaba ayol tovlamachilar girdobiga tushdi

Uzun tumani Malandiyon mahallasida yashovchi 63 yoshdagi nafaqaxo`r Aznur Manchexrov 45 yoshdagi ayolning talaba bo`lganidan foydalanib, undan pul undirmoqchi bo`ladi.

Sariosiyo tumani Afrosiyob mahallasida yashovchi M.Ashurova (ism-shariflar o`zgartirildi) joriy yil Tojikiston moliya va iqtisodiyot instituti sirtqi bo`limi buxgalteriya fakultetiga shartnoma asosida o`qishga qabul qilingach, kontrakt-shartnoma pulining 50 foizini to`lab, talabalar safiga qo`shilganidan suyunib yurganida ustasi farang tovlamachi girdobiga tushib qoladi. Uzun tumani Malandiyon mahallasida yashovchi 63 yoshdagi nafaqaxo`r Aznur Manchexrov 45 yoshdagi ayolning talaba bo`lganidan foydalanib, undan pul undirmoqchi bo`ladi. Bu haqda M.Ashurova ichki ishlar bo`limiga murojaat etib, huquq posbonlaridan tegishli yordam so`ragan.

Jabrlanuvchining arizasiga ko`ra, A.Manuchexrov M.Ashurova bilan uchrashib, “shartnomalaring bekor. Agar menga 500 dollar bermasang tanishlarim orqali o`qishga kirganliging haqidagi buyruqni bekor qildiraman. O`qishga kirgan bo`lsang ham haydatib yuboraman. Sariosiyo va Uzun tumanida engil tabiatli ayol sifatida nomingni chiqaraman”, deya qo`rqitib, pul talab qiladi. Ayol oilaviy ahvoli og`irligini aytgach, tovlamachi undan 300 dollar berishini, kamiga esa ahloqsizlik qilishiga majbur qilmoqchi bo`ladi.

Fuqaroning murojaati asosida viloyat va Uzun tumani ichki ishlar idorasi xodimlari tomonidan Denov tumanidagi “Farrux” oshxonasi hududida o`tkazilgan tadbir chog`ida A.Manuchexrov M.Ashurovadan 300 dollarga hisoblab, naqd 2 million 400 ming so`m pulni olayotganida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

– Shu kuni Termiz tumanida tovlamachilikni kasb qilib olmoqchi bo`lgan shaxslar guruhi qo`lga olindi, – deydi Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi matbuot guruhi rahbari, kapitan F.Toshboev. – Jumladan, Termiz shahridagi Temir yo`lchi mahallasida yashovchi Lobar Sottieva Termiz tumani Kokildor ota mahallasida yashovchi opasi Uchgul Qiyomova, shu mahallada yashovchi singlisi Zarxol Sullaeva va shu mahallada yashovchi ishsiz Shokir Allamov hamda tanishlari – Jarqo`rg`on tumani Soqchi mahallasida yashovchi, ishsiz Zarbina Qoraboeva, Termiz tumani M.Eshtemirov nomli mahallada yashovchi, ishsiz Noqobil Suymasovlar bilan bir guruh bo`lib, tovlamachilik yo`li bilan o`zgalar mol-mulkini qo`lga kiritishni rejalashtiradi. Shu maqsadda tungi soat 22.00 da 26 yoshdagi Zarxol Sullaeva hamda 21 yoshdagi Zarbina Qoraboeva Afg`oniston Islom Respublikasining ikki fuqarosini Uchgul Qiyomovaning uyiga olib kelib, jinsiy aloqada bo`layotganida Shokir Allamov va Noqobil Suymasov xonaga kirib, o`zlarini IIB JQB xodimlari, deb tanishtiradi. 25 yoshdagi ikki afg`on fuqarosini O`zbekiston Respublikasidan deport qilib chiqarib yuborishini aytib, qo`rqitadi. Zo`rlik ishlatib, jabrlanuvchilarni o`z mulkini berishga majbur qiladigan sharoitga solib qo`yadi. Shu yo`l bilan ularning biridan bir million so`mlik “PRIME” rusumli uyali telefon apparatini, bir dona sariq rangli metaldan yasalgan 500 ming so`mlik erkaklar uzugini, ellik ming so`m miqdordagi pullarini, ikkinchisidan ikki million so`mlik “SAMSUNG A-5” rusumli uyali telefon apparatini, uch yuz ming so`m puli va ellik ming so`mlik erkaklar hamyonini tovlamachilik yo`li bilan olib, o`zlarini uydan chiqarib yuboradi. Ko`rilgan tezkor choralar natijasida tovlamachilar guruhi ashyoviy dalillar bilan qo`lga olindi.

O`zAning yozishicha, ayni paytda mazkur holatlar yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1