AsosiyJamiyat

Frederik Bopertyui-Bressand xonimning ajdodlari o`zbek bo`lganmi?

'Frederik Bopertyui-Bressand xonimning ajdodlari o`zbek bo`lganmi?'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Fransiyaga rasmiy tashrifi doirasida 8 oktyabr kuni mamlakatimizning Parijdagi elchixonasida Fransiyadagi Temuriylar tarixi va madaniyatini o`rganish assosiasiyasi prezidenti, tarixchi olima Frederik Bopertyui-Bressand xonimga Samarqand shahrining faxriy fuqarosi unvoni berildi.

Butun ilmiy faoliyatini Samarqand, xususan, temuriylar davrini o`rganish va uni targ`ib etishga bag`ishlagan fransuz olimasi bilan 2017 yil yurtimizga safari chog`ida suhbatlashgan edik. O`shanda olima “Samarqandning faxriy fuqarosi bo`lish mening bir necha yillik orzuim”, degandi. Qarangki, oradan bir yil o`tib, uning orzusi ushaldi. O`z navbatida biz ham ma`rifatli fransuz hamshahrimiz borligidan faxrlanamiz!

Mashhur Urgut bozorining kashtado`zlik mahsulotlari rastasida beqasam nimcha kiyib, kashtali xalta ko`tarib olgan, o`z fikrini ruschada bayon qilib, hayratini fransuzcha “o-lya-lya!“, deya ifoda etayotgan chet ellik xonim barchaning e`tiborini tortdi.

Sotuvchilar xorijlik xonimga sotish ilinjida so`zanayu kashtalariga ta`rif bera boshladi. Fransuz xonimi ularning ba`zilarini eshitib, miyig`ida kulib qo`ydi. So`ng sherigiga qarab: “Bu samarqandcha nusxadagi so`zana, bu kashtaning gulini surxonliklar tikadi, mana bu mashhur buxorocha naqsh…“, deya kashtalarni, ulardagi naqsh ma`nolarini ta`riflay boshladi. Sotuvchilar tilini tishlab qoldi: “Qalampiru quyosh nusxalarimizning ta`rifini keltirayotgan bu fransuz xonimi kim o`zi?“.

Samarqandga ilk muhabbat

Libosidan tortib qadim Buxoro va Samarqand me`moriy obidalari tasviri tushirilgan eski suratlarni avaylab joylab qo`ygan safar sumkasi-yu taqinchoqlarigacha samarqandlik hunarmandlar tomonidan yasalgan. U bu liboslarni ko`z-ko`z qilish uchun faqat O`zbekistonda emas, AQSh, Ispaniya, Fransiya – ish yuzasidan qaysi yurtga bormasin, o`sha erda ham kiyadi. Uning garderobida bunday liboslar, adras chopon, nimcha, lozim, ko`ylak va do`ppilarning xilma-xili mavjud.

Frederik xonim shunchaki tarixiy obidalarimiz va madaniy merosimiz, libosu san`atimizga oshufta sayyoh ayol emas. Frederik Bopertyui-Bressand – tarixchi olima, Fransiyadagi Temuriylar tarixi va madaniyatini o`rganish assosiasiyasi prezidenti. Assosiasiya muassisligida chop etiladigan “La Timuride“ jurnali bosh muharriri. Frederik xonimning O`zbekiston, temuriylar tarixi bilan bog`liq tadqiqotlar olib borishi-yu bu o`lkani chuqur tadqiq etishi faqat assosiasiya rahbarligi emas, bu ishlarning ildizi uning muhabbati tufaylidir. O`zbekistonga, Samarqandga maftunligi bir paytlar kasbining ham o`zgarishiga sabab bo`lgan.

– Birinchi marta O`zbekistonga 1977 yilda kelgandim, – deya xotirlaydi Frederik xonim. – O`shanda Fransiyadagi universitet talabasi bo`lib, rus va xitoy tillarini o`rganayotgandim. Rus tilini yaxshiroq o`zlashtirish, uning barcha nozik jihatlarini tushunish uchun sobiq ittifoq tarkibidagi qariyb barcha davlatlarda bo`ldim. Shunday safarlardan birida Samarqandga ham keldim. Ilk tashrifimdanoq bu er men uchun anglab bo`lmas darajada qadrdon tuyuldi. Fransiyaga qaytgach, minoralaru niliy gumbazlar tushlarimga kira boshladi. Oradan bir necha yil o`tgach, yana keldim.

Shohi Zinda, Registon, Bibixonim… Har birining tarixiyu yaqin o`tmishini qiziqish bilan o`rganar ekanman, bu yurt odamlarining samimiyati, hunarmandlari mahsulotlaridagi jilolarga yanada ko`proq bog`lanib qola boshladim. Fotoapparatimni oldimu shaharni piyoda aylandim. Obidalar, ko`chalar, odamlaru binolar bir-bir fotoapparat nishoniga tusha boshladi. Fransiyaga qaytgach, ularni tomosha qilarkanman, fotoko`rgazma uchun etarli suratlar borligi xayolimdan o`tdi. Xayol ko`p o`tmay haqiqatga aylandi. Ko`rgazmada O`zbekiston tarixidan xabardor, temuriylar davrini o`rgangan bir necha olimlar ham ishtirok etdi. Temuriylar davrining boy madaniy merosini tadqiq etgan fransiyalik olim Lyusen Keren bilan ham shu ko`rgazmada tanishdim. U bilan temuriylar davri haqida ancha suhbatlashdik. Shundan so`ng bu davr tarixi, Amir Temur shaxsi, uning ota, hukmdor, diplomat, jangchi sifatidagi qirralari haqida har hafta suhbatlashadigan bo`ldik.

“Ko`rgazma bahonasida siz bilan tanishib, temuriylar tarixi bilan bog`liq qiziqishlarimni baham ko`ryapman. Ehtimol, bu davrga qiziquvchilar ko`pdir. Ularni jamlab, assosiasiya tashkil qilsak, nima deysiz?“. Bu taklifim olimga ma`qul keldi. Shu tariqa ko`p o`tmay, 1988 yilning 22 martida Temuriylar tarixi va madaniyatini o`rganuvchilar assosiasiyasi tashkil etildi. Uzoq yillar ushbu uyushmaga ustozimiz, tarixchi olim, professor Lyusen Keren boshchilik qildi. Suhbatlar qizg`in ish jarayoniga aylandi. Avval Fransiya, so`ng boshqa davlatlardan ham temuriylar tarixini o`rganuvchi, qiziquvchi olimlarni assosiasiyaga jalb eta boshladik. O`sha yillarni eslayman. O`zbekistonga assosiasiyamiz tashkil etilganini ma`lum qilish hamda hamkorlikda ish olib borishni taklif qilish maqsadida tashrif buyurdik. Ming afsus, u paytlar, sobiq ittifoq tarkibida bo`lgan yurtda Amir Temur shaxsi haqida pichirlab gaplashishar edi. Faqat 1991 yil, ya`ni O`zbekiston suveren davlat sifatida e`lon qilingandan so`ng aloqalar yaxshilanib, hamkorlikda qator ishlarni amalga oshirdik.

O`zbek madaniyatining Fransiyadagi targ`ibotchisi

Assosiasiya tomonidan amalga oshirilgan ishlar xususida qisqacha to`xtalib o`tsak. Uyushma tomonidan o`tgan yillar davomida O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti, Temuriylar tarixi davlat muzeyi va boshqa tashkilotlar bilan aloqalar o`rnatildi. Frederik Bopertyui-Bressand 2007 yilda Samarqand shahrining 2750 yillik yubileyi doirasida o`tkazilgan xalqaro konferensiyada “Temuriylar davri musiqasi“ mavzuidagi ma`ruza bilan ishtirok etdi. Shu yillarda Parijda “Moviy Samarqand“ va “Sehrli Samarqand“ kitob-albomlari nashr etildi. Samarqandda o`tkazilgan kitob taqdimotlaridan birida “Siz tufayli Samarqandga boshqacha nazar bilan qaray boshladik“ degan lutfni eshitgan Frederik xonim bu e`tirofni haliyam ko`nglida asrab yuradi. Assosiasiya O`zbekiston madaniyati va san`atini nafaqat Fransiya, balki butun Evropa, AQShda ham keng targ`ib qilmoqda. Xususan, Parijda O`zbekiston xalq artisti Munojot Yo`lchievaning konserti, rassom Bobur Ismoilov va kulol Abdulla Narzullaevning ko`rgazmalari tashkil etildi.

2016 yilda Germaniyada o`tkazilgan “Alisher Navoiy va uning jahon adabiyoti va madaniyati rivojiga qo`shgan hissasi“ mavzuidagi xalqaro konferensiyada assosiasiyamiz a`zolari o`z ma`ruzalari bilan qatnashdilar. Umuman, faoliyati davomida assosiasiya tomonidan O`zbekiston madaniyati, temuriylar davri, o`sha davrga oid madaniy hayot mavzularida turli davlatlarda 200 ga yaqin konferensiyalar tashkil etildi.

Bu ishlarning hammasi assosiasiya rejasi ijrosi uchun emas, balki Frederik xonimning fidoyiligi, Samarqandga muhabbati tufayli amalga oshirilgan, desak ko`pchilik ishonmasligi mumkin. Ammo Frederik xonimni bir necha yillardan beri taniydigan samarqandlik do`stlari uning bir sirini fosh etib qo`yishdi: “U ko`pincha O`zbekiston haqidagi kitoblarini nashr ettirish, xorijda o`tkazayotgan konferensiyalari uchun mablag`ni oilaviy byudjetidan ajratadi“.

“Onamizning ajdodlari o`zbek bo`lgan”

Oiladagilari Frederik Bopertyui-Bressandning qadim Samarqandga muhabbatini to`g`ri qabul qilishadi. Parijdagi xonadonidan katta bir uy faqat o`zbekistonlik hunarmandlar yasagan mahsulotlar bilan bezalgan. Unda beshikdan tortib turli kashtayu so`zanalargacha, ko`zadan tortib oftobagacha bor.

– Qizimning tili chiqqanda aytgan birinchi so`zi bilasizmi nima bo`lgan? – suhbatni davom ettiradi Frederik xonim. – U “syu-za-ne”, deb gapira boshlagan. Uni hatto beshikda katta qilmoqchi bo`lgandim. To`rt farzandimning hammasi o`zim kabi O`zbekistonga mehr qo`ygan. Sharq dunyosi ularniyam maftun etgan.

O`zbekistonlik do`stlarim uyimizga tashrif buyurishadi, men ham ularnikida mehmon bo`laman va bu do`stlikni judayam qadrlayman. O`g`limni uylantirishim munosabati bilan o`tkazilgan to`y marosimida do`stim Munojot Yo`lchievaning tashrifidan boshim osmonga etgandi. Unga qo`shiq aytib berishini iltimos qildim, u rad etmadi.

Ha, o`z farzandining to`yida uzun adras libosda, o`zbek mumtoz musiqasiga raqs tushayotgan fransuz xonimini tasavvur qilish qiyindir, ehtimol. Ammo yonidagilari Frederik xonimni shunday taniydilar. Uning do`stlari ham Sharq dunyosini chuqur tushunuvchi insonlar. Farzandlarining “Onamizning ajdodlari o`zbek bo`lgan”, degan hazilomuz gaplariga jilmayib qo`ya qoladigan xonim qariyb 40 yildirki, ko`nglidagi bu mehr sabablarini aytib bera olmaydi, bu holga izoh topishdan ko`ra, har gal kelganida mamlakat tarixi bilan bog`liq yangiliklarni o`rganib ketishni afzal biladi.

Allaqaysi e`tiqodga ko`ra, inson bir necha umrni yashab o`tishi mumkin ekan: turli asrlarda, turli qiyofalarda. Agar shu fikrga tayanadigan bo`lsak, ehtimol, Frederik xonim ham XV asrlarda aynan Samarqandda, yanayam aniqrog`i, temuriylar saroyida yashagan bo`lishi mumkin. Uning Sharq dunyosi, xususan, O`zbekiston, Samarqandga nisbatan muhabbati sababini aniqlash uchun boshqa izoh topa olmadik.

Gulruh Mo`minova

    Boshqa yangiliklar