AsosiyJamiyat

Propiskada turganlik haqidagi manzil-ma`lumot axborotlari qanday olinadi?

'Propiskada turganlik haqidagi manzil-ma`lumot axborotlari qanday olinadi?'ning rasmi

Manzil-ma`lumot axborotlarini taqdim etish bo`yicha davlat xizmatlari ko`rsatishning ma`muriy reglamenti tasdiqlandi, deb yozadi Norma.

Mazkur axborotlar doimiy propiskada turganlik, propiskadan chiqqanlik, turgan joyi bo`yicha hisobga olinganlik, vaqtinchalik ro`yxatdan o`tganlik, shuningdek ma`lumot mavjud emasligi haqidagi ma`lumotlarni o`z ichiga oladi. Bunday axborot uchinchi shaxslarga berilmaydi.

Manzil-ma`lumotnoma axborotlarini olish tartib-taomili ko`p jihatdan parallel ravishda qabul qilingan sudlanganlik/sudlanmaganlik haqida ma`lumotnoma berish bo`yicha ma`muriy reglamentdagiga o`xshaydi. Hujjat 2 xil usulda: Davlat xizmatlari markazlariga shaxsan borish yo`li bilan yoxud masofadan turib Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali olinadi. Davlat xizmati uchun yig`im miqdori – EKIHning 10%i (18 430 so`m).

Ariza berish talab etiladi. Unda quyidagilar ko`rsatiladi:

• F.I.O.;
• tug`ilgan sanasi;
• jismoniy shaxsning shaxsiy identifikasiya raqami (mavjud bo`lganda);
• yashash manzili;
• elektron manzili va telefon raqami;
• manzil-ma`lumotlar byurosining (IIV, viloyatlar IIB va Toshkent shahar IIBB huzuridagi manzil-ma`lumot byurolari) nomi.

Ariza beruvchi Davlat xizmatlari markaziga o`zi kelib murojaat etganda arizani uning xodimi to`ldiradi.

Davlat xizmati ko`rsatishning majburiy sharti – uni oluvchida elektron raqamli imzoning (ERI) mavjud bo`lishi. Bu bilan ma`lumotlar sir saqlanishi ta`minlanadi. Ushbu talablar Davlat xizmatlari markaziga o`zi kelib murojaat etish hollariga ham, OneID servisi orqali YaIDXPda ro`yxatdan o`tishga ham tatbiq etiladi. Qulaylik yaratish maqsadida Davlat xizmatlari markazi joyning o`zida 40 daqiqada ERIni rasmiylashtirishi mumkin, biroq buning uchun yana EKIHning 10%ini to`lash talab etiladi.

Ma`lumotnomani rasmiylashtirish uchun mas`ul organ – IIV, viloyatlar IIB va Toshkent shahar IIBB huzuridagi manzil-ma`lumot byurolariga 1 ish kuni beriladi. Ma`lumotnoma mas`ul organ tomonidan ERI yordamida tasdiqlanadi, shuningdek hujjatning QR-kodi (matrisali shtrix-kodi) generasiyalanadi. Ma`lumotnoma ariza beruvchining elektron pochtasiga yuboriladi. Bunda ariza beruvchi o`zi kelib murojaat qilgan holdagina Davlat xizmatlari markazi o`z muhrini va mas`ul shaxs imzosini qo`yadi.

Izoh: Ma`muriy reglament kuchga kirganiga qaramay, davlat xizmati keyinroq ishga tushirilishi mumkin. Hujjatda vakolatli organlarga tegishli ishni tashkil etish yuzasidan topshiriqlar berilgan.

Hujjat 5.10.2018 yildan kuchga kirdi.

    Boshqa yangiliklar