AsosiySport

AFC U-19. O`zbekiston Avstraliya bilan durang o`ynab, kelasi bosqichga chiqdi

Myanmada 19 yoshlilar o`rtasidagi Osiyo chempionati guruh uchrashuvlarining 3-tur o`yinlari o`z yakuniga etdi.

Uchrashuvni har ikki terma jamoa juda ehtiyotkorlik bilan boshladi. Jamoalar butkul hujumga tashlanib, tavakkal qilishni istashmadi. Vakillarimiz pozision hujum tashkil qilib, vaziyatni o`z tomonlariga og`dirishga intilishdi. Ammo yakuniy zarbani yo`llashda ularda bir qator muammolar paydo bo`ldi. O`z o`rnida Avstraliya termasida ham gol kiritish uchun bitta-ikkita qulay vaziyatlar yuzaga keldi.

Ammo bu imkoniyatlarni yaqqol golli vaziyat deb atab bo`lmaydi. Himoyachi va darvozabonimiz yaxshi harakat qilib, bu hujumlarni bartaraf etib turishdi. Ochig`i, bugungi o`yinda terma jamoamiz a`zolarida BAA bilan o`yinda ko`zga tashlangan ishtiyoq unchalik ko`rinmadi. Balki murabbiylar ehtiyotkorlik bilan harakat qilishni talab qilishgandir. Nima bo`lgan taqdirda ham bu taktika birinchi bo`limda o`zini oqlamadi. Birinchi bo`limda o`z darvozamiz daxlsizligini saqlay olgan bo`lsak ham, raqib darvozasini ishg`ol qila olmadik.

Sun`iy yo`ldoshdagi muammolar tufayli kkinchi bo`limning ko`p qismini tomosha qilish imkoniyatiga ega bo`lolmadik. Ammo internetdagi ma`lumotlarga tayanadigan bo`lsak, Avstraliya terma jamoasi 67-daqiqada hisobni ochishga muvaffaq bo`ldi.  Narigi o`yinda BAA indoneziyalik tengdoshlarini yirik hisobda engayotganini inobatga olsak, bu hisob bizni umuman bizni qoniqtirmasdi. 82-daqiqaga kelib, Zabihillo O`rinboev gol kiritib, hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo`ldi. Qaysidir ma`noda, Zabihillo BAAga qarshi o`yinning so`nggi daqiqalarida gol kiritolmay, yo`l qo`ygan xatosini to`g`irladi, desak mubolag`a bo`lmaydi.

Avstraliyalik futbolchilar o`yin oxirlarida hujumga zo`r berishdi. Sababi durang natija ularni qoniqtirmasligi tabiiy edi. Ammo bu vaziyatlarda darvozabonimiz yaxshi harakat qilib, xavfni bartaraf etib turdi. So`nggi daqiqalar biz uchun ancha tahlikali kechdi. Ammo “sokkeruz”lar darvozamizga boshqa gol kirita olishmadi.

Shu tariqa O`zbekiston terma jamoasi Avstraliya bilan 1:1 hisobida durang o`ynab, kelasi bosqichga yo`l oldi. Enidilikda vakillarimiz chorak finalda A guruhi g`olibi Taylandga qarshi bahs olib boradi.

O`zbekiston – Avstraliya 1:1
Gollar: Z.O`rinboev (82) -
O`zbekiston: Dilshod Hamroev, Ibrohim Abdullaev, Akramjon Komilov, Javohir Sohibov, Otabek Shukurov, Jamshid Boltaboev, Doston Hamdamov, Doston Tursunov, Xurshid G`iyosov, Zabihillo O`rinboev, Eldor Shomurodov.
Avtraliya: Jordan Turtell, Shayne Chunna, Daniel Alessi, Kameron Burgas, Kristofer Gligor, Stefan Mauk, Piter da Silva, Aver Mabil, JoZua Sotirio, Petros Skapetis.

Manba: www.uff.uz   

    Boshqa yangiliklar