AsosiySport

Shaxmat. FIDE Gran-Prisining birinchi bosqichi yakunlandi

Joriy yilning 1-15 oktyabr kunlari Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida shaxmat bo`yicha erkaklar o`rtasida o`tkazilgan FIDE Gran-Prisining birinchi bosqichi nihoyasiga etdi. Bu haqda O`zbekiston Milliy Olimpiya qo`mitasi matbuot xizmati xabar beradi.

Dunyoning 12 nafar etakchi shaxmat ustalari ishtirokida bo`lib o`tgan musobaqada hamyurtimiz Rustam Qosimjonov ham g`oliblik uchun dona surdi. 

Rustam Qosimjonov o`tkazilgan 11 partiyaning 1 tasida g`alaba qozonib, 8 uchrashuvda durang natijani qayd etdi. Afsuski, 9-10 turlarda mag`lubiyat alamini tortgan hamyurtimiz, yakunda 11 imkoniyatdan 5 ochko jamg`argan holda turnir jadvalida 10-o`rin bilan kifoyalanishga majbur bo`ldi. 

Birinchi bosqich musobaqalarining yakunlariga ko`ra 11 imkoniyatdan 6,5 ochko jamg`argan italiyalik grossmeyster Fabiano Karuana birinchi o`rinni egalladi. Xuddi shuncha ochkoga ega bo`lgan Boris Gelfand (Isroil) ikkinchi, rossiyalik Sergey Karyakin olti ochko bilan uchinchi o`rinni egalladi. 

Erkaklar o`rtasida FIDE Gran-Prisining ikkinchi bosqich musobaqalari shu yilning 20 oktyabr – 3 noyabr kunlari Toshkent shahrida o`tkaziladi. 

Musobaqalar 21-24, 26-29 oktyabr, shuningdek, 31 oktyabr – 2 noyabr kunlari bo`lib o`tadi. 25 hamda 30 oktyabr dam olish kunlari sifatida belgilangan. 

    Boshqa yangiliklar