AsosiySport

Dzyudo. Toshkentda Gran-Pri turkumiga kiruvchi yirik xalqaro turnir o`tkaziladi

Joriy yilning 16-18 oktyabr kunlari poytaxtimizdagi “O`zbekiston” sport saroyida dzyudo kurashi bo`yicha Gran-Pri turkumiga kiruvchi yirik xalqaro turnir o`tkaziladi. Bu haqda O`zbekiston Milliy Olimpiya qo`mitasi matbuot xizmati xabar beradi. 

Dzyudo kurashi bo`yicha Gran-Pri turnirlari har yili dunyoning 10 davlatida o`tkaziladi. E`tiborlisi, ular qatoridan Toshkent shahri ham o`rin egallagan. 

Yurtimiz sport muhlislariga yaxshi ma`lumki, poytaxtimiz Gran-Pri turkumiga kiruvchi xalqaro turnirga to`rt yil davomida (2016 yilgacha) mezbonlik qiladi. Mazkur musobaqalarning dastlabkisi o`tgan 2013 yilda o`tkazilgan bo`lib, ushbu musobaqada dunyoning 20ga yaqin davlat vakillari g`oliblik uchun kurash olib borishgan edi. 

Bu yilgi musobaqalarda 2016 yilgi XXXI yozgi Olimpiya o`yinlarining lisenziyalari uchun reyting ochkolari o`ynalishi bois, unda ishtirok etish istagidan bo`lgan davlatlar soni o`tgan yilgiga nisbatan ikki barobar ko`p bo`lishi kutilmoqda. Gran-Pri turnirining tantanali ochilish marosimi “O`zbekiston” sport saroyida 16 oktyabr kuni soat 16:15da boshlanadi. 15 oktyabr kuni soat 14:00da esa “O`zbekiston” mehmonxonasining majlislar zalida matbuot anjumani bo`lib o`tadi. 

Eslatib o`tamiz, 2013 yili Toshkentda o`tkazilgan Gran-Pri turnirida mamlakatimiz polvonlari 5 ta oltin, 3 ta kumush va 5 ta bronza medaliga sazovor bo`lishgan. Bundan tashqari 9 nafar sportchimiz beshinchi, 13 nafari esa 7-o`rinni egallashgan.

    Boshqa yangiliklar