O`zbekiston Xotin-qizlar qo`mitasi butun dunyoda nishonlanadigan “Xalqaro qizlar kuni” munosabati bilan II-Respublika festivalini o`tkazmoqda.
Festivalni o`tkazishdan asosiy maqsad qizlarning bilim olishiga, kitob o`qishiga bo`lgan qiziqishini, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, iqtidorli qizlar safini kengaytirish, shu bilan birga uyushmagan qizlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash, ularning kiyinish va muomala madaniyatini oshirish, ongi va qalbini g`oyaviy tahdidlardan himoya qilish, bugungi islohotlarga faol munosabatlarini shakllantirish, sog`lom turmush tarzini targ`ib qilish hamda ularni oilaviy hayotga tayyorlashdan iborat.
Festival doirasida iqtidorli qizlarning turli sohalardagi ijod namunalari ko`rgazmasi, noyob va innovasion g`oyalar namoyishi, qizlar mushoirasi, chempion va yuksak muvaffaqiyatlarga erishgan qizlar bilan uchrashuvlar, milliy liboslar namoyishi, yosh rassom qizlar ko`rgazmasi, qizlar milliy velomarafoni tashkil etiladi.
Festival yakunlari bo`yicha o`z faoliyatida yuksak marralarga erishgan qizlar taqdirlanadi.
Xalqaro qizlar kuniga 2012 yil, 11 oktyabrda BMT Bosh assamblyasida asos solingan. Ushbu kun qizlarning kamsitilishi, ularning ijtimoiy muammolariga butun dunyoning e`tiborini qaratish maqsadida har yili 11 oktyabrda nishonlanadi.






