AsosiyJamiyat

“O`zbekiston : Yoshlar mavzusi - Shavkat Mirziyoev uchun eng dolzarb soha”

'“O`zbekiston : Yoshlar mavzusi - Shavkat Mirziyoev uchun eng dolzarb soha”'ning rasmi

O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning Fransiyaga davlat tashrifi doirasida Fransiyaning Markaziy Osiyo davlatlari yangiliklariga ixtisoslashgan nufuzli internet sayti bo`lmish "Novastan.org" saytida O`zbekistonda yoshlar siyosati va Yoshlar ittifokining faoliyatiga oid "O`zbekiston : Yoshlar mavzusi - Shavkat Mirziyoev uchun eng dolzarb soha !" deb nomlangan maqola e`lon qilindi.

Maqolada Markaziy Osiyo aholisining yarmini tashkil qiluvchi O`zbekiston aholisi demografik jihatdan yosh ekanligi va shu sababdan ham O`zbekistonda "yoshlar siyosati" muhim o`rin egallashi alohida ta`kidlangan. Jumladan maqolada shunday deyiladi :

"33 million aholisi bor O`zbekiston aholisining taxminan 20%i 15-24 yosh atrofidadir. Bu aholining demografik jihatdan yosh ekanligini, shu sababdan davlat yoshlarga oid aniq va samarali siyosat borishi lozim ekanligini ko`rsatadi. O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning 8-9 oktyabr kunlari Fransiyaga tashrifi O`zbekistonning yoshlarga siyosatini tanishtirish uchun ayni qulay fursatdir".

Shundan keyin maqola sovet davrida O`zbekistonda sovetlarning yoshlar siyosati amal qilganligini, mustaqillikdan keyin esa "Kamolot" harakati va "Kamalak" tashkilotlari tuzilganligini qisqacha eslatib o`tadi. Undan so`ng, "Kamolot" yoshlar harakati samarasiz faoliyat olib borganligi va natijada bundan na davlatga, na yoshlarga foydasi bo`lmaganligi ta`kidlanadi. Shu sababdan 2016 yilda prezidentlikka kelgan Shavkat Mirziyoev zudlik bilan bu harakatni tugatib, uning o`rniga 2017 yil 27 iyunda "Yoshlar ittifoqi"ni tashkil qilganligini hamda "Kamalak" tashkilotida tegishli islohotlarni amalga oshirganligi aytiladi. Bundan tashqari, O`zbekistonda maktabgacha ta`lim vazirligi tashkil qilinganligi qo`shimcha qilinadi. So`ngra prezidentning tashabbusi bilan O`zbekiston yoshlari uchun qilingan ishlar sanab o`tiladi. Quyida maqoladan parchani taqdim etamiz :

"Hozirda Yoshlar ittifoqi va “Kamalak” bolalar tashkiloti jami 10 million nafardan ortiq yoshlarni birlashtiradi. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshida Yoshlar muammolarini o`rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti tashkil etildi...

Dasturlari to`liq yoshlarga bag`ishlanishi uchun "Yoshlar" telekanali aksiyalarining 50%i va "Mening yurtim" telekanali aksiyalarining 51%i "Yoshlar ittifoqi"ga berildi. Bundan tashqari, yoshlarning muammolari televidenie orqali jonli ekranda muhokama qilinishi uchun "Yoshlar press klubi" ham tashkil qilindi.

Yoshlarning turar-joy bilan bog`liq muammolarini hal qilish maqsadida 2018–2021 yillarda ko`pqavatli binolar barpo etish rejalashtirildi. Banklar yoshlarga uy yoki mashina sotib olishlari uchun kreditlar ajrata boshladi. Kengroq doirada esa, Yoshlar ittifoqi Qozog`iston, Rossiya va Xitoy kabi ko`plab xorij davlatlaridagi yoshlar tashkilotlari bilan hamkorlik qila boshladi. Ittifoqda "O`zbekiston yoshlari umumjahon assosiasiyasi" faoliyati tashkil etilib, xorijda ishlab yurgan yoki tahsil olayotgan o`zbekistonlik yoshlar bilan ham aloqalar yo`lga qo`yildi".

Maqola "Yoshlar Ittifoki"ning faoliyati va o`zbek ommasining yoshlar muammolariga nisbatan munosabatiga xolis baho berish bilan yakunlanadi :

"To`g`ri, "Yoshlar ittifoqi" va "Kamalak" tashkilotlarining faoliyatlari faqatgina muvaffaqiyatlardangina iborat emas. Aksincha, ular ba`zida "Kamolot" harakati yo`l qo`ygan xatolarni takrorlab turadilar. Ularning har bir tashabbuslari ishtimoiy tarmoqlarda qizg`in baxs va munozalarga sabab bo`ladi. Hatto ba`zan "Yoshlar ittifoqi" O`zbekistonning eng ko`p tanqid qilinadigan tashkilotiday tasavvur paydo bo`ladi.

Biroq mazkur tanqidlarning mavjud ekanligi o`zbek ommasining yoshlar muammolariga befarq emasligini ko`rsatib beradi. Shu ma`noda, Shavkat Mirziyoevning yoshlar sohasiga jiddiy yondashishi va yoshlar uchun barcha sharoitlarni yaratib berishi o`zbek ommasining yoshlar muammolariga nisbatan munosabati bilan uyg`undir. Endi, yaratib berilgan imkoniyatlardan unumli foydalanish "Yoshlar ittifoqi" va "Kamalak" tashkilotlarining o`zlarining qo`llaridadir".

    Boshqa yangiliklar