AsosiyJamiyat

Hamyurtimiz xalqaro tasviriy san`at ko`rgazmasi g`olibi

Portugaliya poytaxti – Lissabon shahrida bo`lib o`tgan «Vera – 2014» xalqaro tasviriy san`at ko`rgazmasida Buxoro viloyatining G`ijduvon kulolchilik maktabi vakili Alisher Narzullaev bosh mukofot – Gran-priga sazovor bo`ldi. Bu haqida uza.uz xabar beradi.
Sakkizinchi bor o`tkazilgan ko`rgazmada O`zbekiston, Germaniya, Fransiya, Chexiya, Isroil, Ozarbayjon, Rossiya, Eron va boshqa davlatlardan 100 ga yaqin hunarmand amaliy bezak san`ati, rangtasvir, haykaltaroshlik va arxitektura kabi yo`nalishlar bo`yicha o`z ijod namunalarini namoyish etdi.
Buxorolik taniqli kulol Alisher Narzullaevning tovoq, ko`za, piyola, kosa va boshqa jihozlari  hakamlar hay`ati tomonidan yuksak baholandi va unga bosh mukofot – Gran-prini berishga qaror qilindi.
Alisher Narzullaev – sopolsozlikda o`z yo`li va uslubini yaratgan hunarmand. Prezident sovrini uchun o`tkazib kelinayotgan “Tashabbus” ko`rik-tanlovi g`olibi. “O`zbekiston Respublikasi xalq ustasi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.
Yaponiya, AQSh, Fransiya, Germaniya va boshqa mamlakatlarda o`tkazilgan nufuzli ko`rgazmalarda o`z asarlari bilan ishtirok etib, muntazam sovrindorlar qatoridan joy olgan. Lissabonda qo`lga kiritilgan Gran-pri uning navbatdagi muvaffaqiyatidir.

    Boshqa yangiliklar