O`zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini izchil va samarali amalga oshirish, yoshlarning bandligini ta`minlash, kasb-hunarga yo`naltirish va tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish, mamlakatimiz istiqboli uchun mas`uliyatni o`z zimmasiga olishga qodir, tashabbuskor, shijoatli yoshlarni tarbiyalash maqsadida Yunusobod tumani hokimiyatida «Yosh mutaxassis – kelajak bunyodkori!» shiori ostida kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari bandligini ta`minlashga qaratilgan davra suhbati o`tkazildi.

Unda O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi bo`lim mudiri — Bunyodbek G`ofurov, Yoshlar tadbirkorligini qo`llab-quvvatlash markazi bo`lim boshlig`i — Akmal Abdujabborov, Davlat soliq inspeksiyasi Yunusobod tuman bo`limi mutaxassisi — Mirzohid Sultonov, «ChINA CAMPUS NETWORK UZBEKISTAN» marketing kompaniyasi rahbari — Odiljon Xudoyberdiev hamda Yunusobod tumanidagi 6 ta kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari qatnashdi.

Bitiruvchi yoshlar bilan suhbat davomida kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari bandligini ta`minlash, ularni tadbirkorlikka keng jalb etish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar to`g`risida ularga ma`lumotlar berish, bilimli mutaxassislarni tayyorlashda korxona va tashkilotlari bilan ta`lim muassasalari hamkorligini yangi bosqichga ko`tarish xususida fikr-mulohazalar yuritildi.

Shuningdek, Yunusobod tuman hokimligi tomonidan «2018-2019-yillarda Yunusobod tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish, yirik sanoat korxonalarini ishga tushirilishi natijasida yaratiladigan yangi ish o`rinlari», «Yoshlar-kelajagimiz» jamg`armasi tomonidan «Yoshlar-kelajagimiz» davlat dasturining mohiyati, yoshlar uchun berilayotgan imkoniyatlar hamda imtiyozlar”, Davlat soliq inspeksiyasi Yunusobod tuman bo`limi tomonidan «Bitiruvchi yoshlar ishga qabul qilinganida to`lanadigan soliqlar va imtiyozlar», yoshlarning xorijiy mamlakatlarda ta`lim olishi to`g`risida «ChINA CAMPUS NETWORK UZBEKISTAN» kompaniyasi tomonidan taqdimotlar o`tkazildi.

Ma`lumot o`rnida Yunusobod tumanida jami 6 ta kasb-hunar kollejlari mavjudligi, joriy yilda 23 ta yo`nalishdagi mutaxassisliklar bo`yicha 2 219 nafar yoshlar o`qishni tamomlayotganligi qayd etildi. 30 nafar tumandagi ishlab chiqarishi yuqori bo`lgan korxona va tashkilotlar ish beruvchi sifatida 150 nafar bitiruvchilarni xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar, mavjud bo`sh ish o`rinlari bilan tanishtirib, ishga taklif qilishdi. Bitiruvchi yoshlar va ish beruvchilar o`rtasida savol- javoblar bo`lib o`tdi.
Tadbir so`nggida, ish beruvchi korxona va tashkilotlar o`zlariga o`zlariga munosib bo`lgan bitiruvchi yoshlarni amaliyot o`tashga va keyinchalik o`zlaring tashkilotlariga ishga olishga kelishib olindi.






