Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi E.Turdimovning navbatdagi sayyor qabuli Samarqand shahrida o`tkazildi, deb xabar bermoqda O`zA.
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali akademik liseyi hovlisida o`tkazilgan tadbir soat 9.00 da boshlanib, 14.30 gacha davom etdi.
Asosan Samarqand shahri aholisi, shuningdek, viloyatning boshqa hududlaridan kelgan 300 nafarga yaqin fuqaroning har biri viloyat rahbariga “dardi”ni aytib, masalaga qonuniy echim so`radi. Qabulda viloyat hokimining o`rinbosarlari, huquq-tartibot idoralari, viloyat tashkilotlari hamda Samarqand shahridagi sektor rahbarlari ham hozir bo`lgani tufayli har bir murojaat mutasaddilar ishtirokida shu erning o`zida muhokama etildi.
Fuqarolar asosan, kommunal xizmat, uy-joy, tadbirkorlik faoliyati uchun er va kredit ajratish, ishga joylashish, imtiyozli tibbiy xizmatdan foydalanish masalalari, huquq-tartibot organlari faoliyati bo`yicha murojaat qildi.
– Viloyat hokimiga o`zimiz yashab turgan ko`p qavatli uy tomini ta`mirlash, liftni almashtirish, yo`lni sozlash bo`yicha murojaat qildim, – deydi Samarqand shahar Sa`di Sheroziy mahallasida yashovchi A.Ochilov. – Hokim uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish boshqarmasi boshlig`ini chaqirib, ushbu masalalarga izoh so`radi va kamchiliklarni bir hafta muddatda bartaraf etish vazifasini qo`ydi. Boshqarma boshlig`i shu bugundan ta`mirlash ishlari boshlanishini aytdi.

Albatta, har bir fuqaro murojaati o`zining foydasiga, ijobiy echim topishini istaydi. Lekin qabul davomida asossiz, qonunga zid ayrim masalalar yuzasidan fuqarolarga rad javob berilib, mavjud tartib-qoida tushuntirildi. Xususan, Oqdaryo tumanidan kelgan bir guruh fuqarolarning qishloqqa tabiiy gaz etkazib berish bo`yicha murojaati rad etilib, aholiga suyultirilgan gaz, ijtimoiy soha ob`ektlariga ko`mir etkazib berilishi tushuntirildi.
O`rganish talab etadigan masalalar yuzasidan aniq muddat belgilanib, sayyor qabuldagi murojaatlarning natijasi bir haftadan so`ng mutasaddilardan so`ralishi ma`lum qilindi.






