“Frankfurter Buchmesse” xalqaro kitob ko`rgazmasi doirasida O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi Bosh direktori, delegasiya rahbari Laziz Tangriev ko`rgazma prezidenti Yurgen Boss bilan uchrashdi.
Uchrashuvda yurtimizdagi nashriyot-matbaa korxonalariga investisiya jalb etish, mahsulotlar eksportini yo`lga qo`yish, hamkorlikda turli ko`rgazmalar tashkil etish va 2019 yilda Norvegiya davlati faxriy mehmon maqomida qatnashadigan bo`lsa, keyingi yillarda O`zbekistonning mazkur ko`rgazmada ishtirok etish masalalari muhokama etildi.
Quvonarli jihati, Frankfurt xalqaro kitob ko`rgazmasi prezidenti va vise-prezidenti mamlakatimiz ma`naviy-ma`rifiy salohiyati haqida ijobiy taassurotga ega. Ular mamlakatimizga 2019 yil aprel-may oylarida tashrif buyurib, nashriyot-matbaa korxonalarimiz faoliyati bilan tanishish istagini bildirdi.
Ma`lumot uchun aytish kerakki, “Frankfurt Buchmesse” xalqaro kitob ko`rgazmasi dunyodagi kitob ko`rgazmalari ichida eng qadimiysi va eng yirigi hisoblanadi.

Etmish yildan buyon har yili oktyabr oyida o`tkazib kelinayotgan mazkur nufuzli anjuman shunisi bilan ahamiyatliki, unda 100 dan ortiq davlatlardan kelgan nashriyot-matbaa korxonalari, agentliklar vakillari ishtirok etadi. Shu paytgacha ko`rgazmada o`z mahsulotlarini namoyish etayotgan nashriyotlar soni kariyb 10 mingga etdi.
Bu yilgi ko`rgazma 275 mingdan ziyod kitobsevarlarni qamrab oldi. Ko`rgazmaning umumiy maydoni 20 gektardan ko`proq. Tadbirlarni jahon bo`ylab 10 mingdan ortiq jurnalistlar bevosita yoritib boryapti.






