«Toshshahartransxizmat» AJ rahbariyati tomonidan 2008-2009 yillarda ishlab chiqarilgan va eng ko`p masofa bosib o`tgan avtobuslarni yo`nalishlarga chiqarmaslik haqida qabul qilingan qaror ommaviy axborot vositalarida turlicha talqin etilmoqda.
Mazkur qarorda, gap 2008-2009 yillarda ishlab chiqarilgan avtobuslardan batamom voz kechish haqida borayotgani yo`q. Ularning harakati vaqtincha cheklanib, chuqurlashtirilgan texnik ko`rikdan o`tkaziladi. To`g`ri, tekshiruvlar davomida avtobuslar orasida kapital ta`mirga muxtoj transportlar ham aniqlanishi mumkin. Bu raqam albatta, sanoqli bo`ladi. Biroq, asosiy avtobuslar mutaxassislar tomonidan qisqa fursatda chuqur texnik ko`rikdan o`tkazilib, aniqlangan kamchiliklarga barham berilib yana ulardan foydalanilanish davom ettiriladi, deya qarorni izohladi «Toshshahartransxizmat».
13-14 oktyabr — shanba va yakshanba kunlari avtosaroy va ta`mirlash korxonalarida ishlar uch smenada (kecha-kunduz) tashkil etilib, eski avtobuslarning asosiy qismi tekshiruvdan o`tkazilib, aniqlangan nosozliklar barataraf etilmoqda.
Shu asosda haftaning boshidan imkon darajasida avtobuslar jadvalida muammolar bo`lmasligi uchun barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda.
Shuningdek, bugun harakatdagi avtobuslarning asosiy qismi ma`nan eskirganligi, ularning o`rtacha yoshi 9-10 yilni tashkil etayotgani so`nggi paytlardagi ko`ngilsizliklarga sabab bo`layotgani eslatib o`tilgan. Shunga qaramay, avtobuslarga maksimal darajada servis xizmatlari ko`rsatilmoqda. Avval xabar qilinganidek, rejadagi yangi avtobuslarning kelishi transport bilan bog`liq muammolarning bosqichma-bosqich barham topishiga olib keladi.
«Toshshahartransxizmat» AJ rahbariyati bunday tushunmovchilik va noqulaylik uchun poytaxt ahli va yo`lovchilardan uzr so`ragan.






