AsosiyJamiyat

«Infolib Uzbekistan» haftaligiga start berildi

'«Infolib Uzbekistan» haftaligiga start berildi'ning rasmi

Bugun, 15 oktyabr kuni O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston milliy kutubxonasida joriy yilning 15-20 oktyabr kunlari bo`lib o`tadigan «Infolib Uzbekistan» VII Milliy axborot-kutubxona haftaligiga start berildi.

Haftalik O`zbekiston matbuot va axborot agentligi tizimidagi Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston Milliy kutubxonasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim, Xalq ta`limi, Madaniyat, Sog`liqni saqlash vazirliklari, Fanlar akademiyasi, O`rta maxsus va kasb ta`limi markazi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.

Mazkur haftalikini o`tkazishdan asosiy maqsad – axborot-kutubxona foydalanuvchilarga yuqori darajada xizmat ko`rsatish hamda kutubxona sohasida faoliyat yuritayotgan xodimlarni rag`batlantirish, yoshlarda mutolaaga bo`lgan mehrni oshirish, aholiga axborot-kutubxona xizmatlari ko`rsatishni tashkil etishda kutubxonachilar o`rtasida tajriba almashish va ilg`or tajribalarni hududlarga borib joriy etishdan iboratdir.

— Mustaqillik yillarda boshqa sohalarda bo`lgani kabi kutubxonachilik sohasida ham bir qator ishlar amalga oshirilib, qator muvaffaqiyat va yutuqlarga erishildi. Jumladan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev va Hukumatimizning axborot-kutubxona sohasini rivojlantirishga qaratilgan ko`plab qarorlari qabul qilinib, mazkur tizimda faoliyat yuritayotgan xodimlarga imtiyozlar yaratilishi bilan birga yangi-yangi vazifalar yuklatildi, — deydi tadbirning ochilish marosimida so`zga chiqqan O`zMAA Bosh direktorining birinchi o`rinbosari Sobir Shukurov. — Ta`kidlash kerakki, o`tgan yillar davomida mamlakatimizda kutubxona xizmatini yangi bosqichga olib chiqish bo`yicha bir qator amaliy ishlar qilindi. Barcha qulayliklarga ega bo`lgan Qoraqalpog`iston Respublikasining Nukus va Beruniy shaharlarida bolalar kutubxonasi, Surxondaryo viloyati aholisi uchun Axborot-kutubxona markazlariga zamonaviy binolar qurib bitkazilib, foydalanishga topshirildi. Bundan tashqari kutubxonachilarimizning chet mamlakatlardagi kutubxonalarga tajriba alamashishi maqsadida xizmat safarlariga yuborilayotganligi ularning malakasini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Etti yildan buyon o`tkazib kelinayotgan «INFOLIB» Milliy axborot-kutubxona haftaligining mavqei va ahamiyati ham yildan-yilga oshib bormoqda. Ushbu haftalik doirasida 40 dan ziyod turli mavzulardagi tadbirlar, seminarlar, davra suhbatlari, uchrashuvlar, taqdimotlar, mahorat darslari, ko`rgazmalar, ko`rik-tanlovlar, aksiyalar o`tkazilishi rejalashtirilgan.

Aytib o`tish kerakki, mazkur haftalik O`zbekiston Respublikasi Prezidentining «Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ`ib qilish bo`yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to`g`risida» 2017 yil 13 sentyabrdagi qarori ijrosini ta`minlash maqsadida o`tkazilmoqda.

Haftalik 20 oktyabrgacha qadar davom etadi.

    Boshqa yangiliklar