AsosiyJamiyat

Butunjahon ko`krak bezi saratoniga qarshi kurash kuni munosabati bilan aksiya o`tkazilmoqda

'Butunjahon ko`krak bezi saratoniga qarshi kurash kuni munosabati bilan aksiya o`tkazilmoqda'ning rasmi

Bugun, 15 oktyabr – Butunjahon ko`krak bezi saratoniga qarshi kurash kuni munosabati bilan Toshkent shahar yo`l harakati xavfsizligi boshqarmasi maxsus aksiya o`tkazmoqda.

Yo`l patrul xizmati xodimlari ayol haydovchilarga ko`krak bezi saratonini oldini olishni eslatuvchi maxsus tayyorlangan tasma nishonlarini tarqatmoqda. Bu sa`y-harakatlar ayollarimizning o`z sog`liqlariga e`tiborsiz bo`lmasliklarini eslatishi shubhasiz.

Ma`lumki, bugungi kunda ko`krak bezi saratoni dunyo hamjamiyatini qattiq tashvishga solib, ko`plab ayollarning bevaqt o`limiga sabab bo`lmoqda. Ma`lumotlarga ko`ra, har yili ushbu kasalli tufayli 1,5 milliondan ortiq ayol dunyodan ko`z yumadi. Taassufki, ushbu kasallik yildan-yilga yosharib boryapti. Ilgarilari ushbu kasallik 50-60 yoshli ayollar o`rtasida kuzatilgan bo`lsa, bugungi kunda uning ilk asoratlari o`smir qizlarda ham kuzatilyapti. Mazkur kasallikning kelib chiqish sababi va da`vo choralari aniq emasligi esa o`z vaqtida unga qarshi kurashishni talab etadi.

Butunjahon sog`liqni saqlash tashkiloti tomonidan 1993 yildan buyon oktyabr oyi ko`krak bezi saratoni bo`yicha jahon oyi sanalishi e`lon qilingan. Bundan tashqari, har yili 15 oktyabr – Butunjahon ko`krak bezi saratoniga qarshi kurash kuni sifatida belgilangan.

Ko`krak bezi saratonining oldini oling!

Xo`sh, tibbiyot mutaxassislarining bu boradagi dastlabki maslahatlari nimalardan iborat?

Eng avvalo, sog`lom ovqatlanish madaniyatiga rioya etish zarur. Chunki onkologik kasalliklarning kelib chiqishiga, avvalo, noto`g`ri ovqatlanish jiddiy sabab bo`lmoqda. Ya`ni, tarkibida inson sog`lig`i uchun zararli moddalari bo`lgan oziq-ovqat va ichimliklarni iste`mol qilish saratonga olib kelishi zamonaviy ilm-fanda to`liq tasdig`ini topgan. Bunday oziq-ovqatlar qatoriga qizil go`sht, kolbasa va boshqa qayta ishlangan mahsulotlar, yog`li taomlar, shakar, tuzni kiritish mumkin. Bundan tashqari, chekish, ichish, semizlik ham saratonni keltirib chiqaruvchi omillar sirasiga kiradi. Bundan tashqari, sog`lom turmush tarziga to`la rioya etish, belgilangan muddatlarda tibbiy ko`rikdan o`tish, bolalarni yuqumli kasalliklarga qarshi o`z vaqtida emlatish, jismonan faol bo`lish onkologik kasalliklarning oldini olishning muhim omilidir.

    Boshqa yangiliklar