“Fuqarolar yig`ini raisi (oqsoqoli) saylovi to`g`risida”gi Qonun Prezident tomonidan imzolandi. Bu haqda Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanali xabar berdi.
Qonun bilan “Fuqarolar yig`ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to`g`risida”gi Qonun o`z kuchini yo`qotdi.
Qonun bilan fuqarolar yig`ini raisi (oqsoqoli) saylovini o`tkazish bilan bog`liq bir qator yangi qoidalar o`rnatildi.
Xususan, endilikda fuqarolar yig`ini raisi (oqsoqoli) bilan bir vaqtda ularning maslahatchilarini saylash tartibi bekor qilindi.
Yana bir muhim jihat, ushbu saylovlarning shaffof va oshkoraligini ta`minlash maqsadida, Qonunda fuqarolar yig`ini raisi saylovini tashkil etish va o`tkazish, saylov o`tkaziladigan sana, vaqt va joy, fuqarolar yig`ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlar to`g`risidagi axborot Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo`yicha kengashlarning rasmiy veb-saytlariga saylov o`tkazilishidan kamida besh kun oldin joylashtirilishi belgilandi.
Qonundagi muhim o`zgarishlardan yana biri, bu fuqarolar yig`ini raisi (oqsoqoli)ning uch yilga saylanishi bo`ldi. Muqaddam ular ikki yarim yilga saylanar edi.
Shu bilan birga, fuqarolar yig`inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va o`tkazishga ko`maklashuvchi respublika komissiyasi tarkibiga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a`zolari, davlat organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining, ilmiy va boshqa tashkilotlarning vakillari kiritilishi mumkinligi Qonunda aks etdi.
Saylovlarda fuqarolarning vakillari bo`lish uchun tashkilotchilik qobiliyatiga, hayotiy tajribaga va aholi o`rtasida obro`-e`tiborga ega bo`lish kerakligi qayd etildi. Endilikda bu vakillarning soni saylovda ishtirok etish huquqiga ega bo`lgan fuqarolar umumiy sonining kamida o`n ikki foizini tashkil etishi kerak bo`ladi.
Muhim o`zgarishlardan yana biri, endilikda fuqarolar yig`ini raisi (oqsoqoli) saylovlari faqat yashirin ovoz berish orqali amalga oshiriladi. Ilgari saylovlar ochiq yoki yashirin ovoz berish orqali amalga oshirilar edi.
Izoh: Mazkur Qonun rasmiy e`lon qilingan kundan e`tiboran kuchga kiradi.






