11.10.2018 yildagi O`RQ–497-son Qonun bilan Uy-joy kodeksining 32-moddasiga qo`shimcha kiritildi. Bu haqda Norma ma`lum qildi.
U quyidagicha bayon etilgan: uy-joyni xususiylashtirishga rozilik bergan shaxsning turar joydan foydalanish huquqi uning vafotidan keyin ochiladigan meros tarkibiga kirmaydi.
Ushbu norma kimlarga taalluqli? Davlat uy-joy fondini xususiylashtirish jarayonida ikki toifadagi sub`ektlar ishtirok etadi:
- mulkdorlar – uy-joyni shaxsan sotib olgan yoxud uy-joy bepul berilgan («Davlat uy-joy fondini xususiylashtirish to`g`risida»gi Qonunning 7, 8-moddalari; 19.08.1992 yildagi PF–455-son Farmonning 1-bandi; VMning 1.03.1993 yildagi 114-son qarori 8-bandi va boshqalarga qarang) hamda mulk huquqiga doir davlat orderi ularning nomiga rasmiylashtirilgan fuqarolar;
- xususiylashtirishga rozilik bergan shaxslar – xususiylashtirish paytida uy-joyda propiska qilingan, xususiylashtirish uchun arizada ko`rsatilgan va unga «roziman» deya qayd etib imzo chekkan barcha voyaga etgan fuqarolar.
Keyingilari faqat xususiylashtirilgan turar joy maydonidan foydalanish huquqini saqlab qoladilar, biroq unga bo`lgan mulk huquqini olmaydilar. Biroq Qonun xususiylashtirilgan uy-joyni sotish, ayirboshlash, hadya qilish yoki ijaraga, arendaga berish uchun uni xususiylashtirishga rozilik bergan barcha shaxslarning roziligini talab qiladi. Umumiy qoidaga ko`ra bu – umumiy mulk alomati (FKning 218, 225-moddalariga qarang). Ehtimol, shu sababga ko`ra Oliy sud Plenumi xususiylashtirishga rozilik bergan barcha shaxslarni xususiylashtirilgan turar joyning birgalikdagi mulkdorlari, turar joyning o`zini esa ularning umumiy mulki deya e`tirof etar (OSPning 2.05.1997 yildagi 3-son qarori 16-bandiga qarang).
Etarlicha ziddiyatli vaziyat yuzaga kelib, u qonun ijodkorlarini Uy-joy kodeksining 32-moddasiga aniqlik kiritishga majbur qildi.
! Yangilik mulkdorlarga daxl etmaydi – mulk huquqi ilgarigidek umumiy tartibda meros qilib olinishi mumkin (qonun bo`yicha ham, vasiyatnoma bo`yicha ham, tahr.). Shu sababli, agar kvartira (uy) ulushli mulk huquqida bir nechta voyaga etgan oila a`zolari nomiga ro`yxatdan o`tkazilgan bo`lsa (O`zbekiston Respublikasida davlat uy-joy fondini xususiylashtirish, uy-joylarni saqlash va ulardan foydalanish qoidalarining11-bandiga qarang), ularning har biri teng darajada o`z ulushini meros qilib berishi mumkin.
Hujjat «Xalq so`zi» gazetasida e`lon qilingan, qo`shimcha 1.01.2019 yildan kuchga kiradi.






