AsosiyJamiyat

Farg`onadagi bozor va savdo komplekslarining ijara to`lovi qaerga ketdi?

'Farg`onadagi bozor va savdo komplekslarining ijara to`lovi qaerga ketdi?'ning rasmi

Davlat byudjeti daromadlarini oshirish, qo`shimcha manba zahiralarini aniqlash maqsadida viloyat davlat soliq idoralari xodimlari tomonidan doimiy ravishda xronometraj tadbirlari olib borilyapti.

Binobarin, savdo va xizmat ko`rsatish sohasiga oid qonun hujjatlari ijrosi va savdo komplekslarida ijara to`lovlarini to`liq byudjetga o`tkazilishi yuzasidan 2018 yilning sentyabr oyida Farg`ona viloyati davlat soliq boshqarmasi xodimlari tomonidan Qo`qon shahridagi «Qo`qon savdo kompleksi», «Istiqlol savdo kompleksi», «Buyuk ipak yo`li savdo kompleksi» va Farg`ona shahridagi «EXCELLENT TRADE PLUS» kabi mas`uliyati cheklangan jamiyatlarda xronometraj tadbirlari o`tkazildi.

Farg`ona viloyat DSB Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot sho``basi xabariga ko`ra, jamiyatlar xududidagi savdo ob`ektlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub`ektlaridan 2018 yilning o`tgan 8 oyi davomida savdo kompleksi ma`muriyati tomonidan ijara to`lovi uchun jami 599,6 mln.so`m mablag` undirilgan bo`lsada, ushbu summa hisobotlarda to`laligicha aks etmagan hamda ma`lum bir qismi boshqa maqsadga ishlatib yuborilgan, natijada mahalliy byudjetga 280,4 mln.so`m to`lanmagan.

Xususan, «Qo`qon savdo kompleksi» MChJda 103 ta savdo ob`ektlarida faoliyat yuritib kelgan jismoniy shaxslardan savdo kompleksi ma`muriyati yanvar-avgust oylari davomida ijara to`lovi uchun jami 149,3 mln.so`m undirib, ushbu mablag`larni boshqa maqsadga ishlatib kelganligi natijasida mahalliy byudjetga 72,0 mln.so`m to`lamaganligi aniqlangan.

Qo`qon shahrida joylashgan «Buyuk ipak yo`li savdo kompleksi» MChJda 86 ta savdo ob`ektida faoliyat yuritib kelgan jismoniy shaxslardan 2018 yilning dastlabki 8 oyi uchun jami 154,9 mln.so`m undirilgan bo`lsada, 74,7 mln.so`m miqdoridagi mablag` hisobotlarda yashirilganligi hamda mahalliy byudjetga to`lanmaganligi aniqlangan.

Shuningdek, o`tkazilgan xronometraj natijalariga ko`ra, «Istiqlol savdo kompleksi» MChJda 52,4 mln.so`m, «Muzaffar savdo kompleksi» MChJda 66,9 mln.so`m hamda Farg`ona shahridagi «EXCELLENT TRADE PLUS» MChJda 14,4 mln.so`m miqdoridagi mablag` hisobotlarda to`laligicha ko`rsatilmagan hamda byudjetga to`lanmagan.

Yuqoridagi holatlar yuzasidan soliq idoralari tomonidan bozor va savdo komplekslariga talabnomalar yuborildi hamda byudjetdan yashirilgan mablag`lar qayta undirildi.

    Boshqa yangiliklar