Kecha O`zbekiston milliy terma jamoasi Toshkentda Qatarni 2:0 hisobida mag`lub etdi.
Uchrashuvdan so`ng terma jamoa sardori Odil Ahmedovni championat.asia muxbirlari suhbatga chorladi.
"G`alaba qozonamiz deb maydonga chiqqan edik. Birinchi bo`limda biroz ehtiyotkor bo`lib harakat qildik va himoyaga e`tibor qaratdik. Ikkinchi bo`limda esa Qatar ham huddi biz kabi oldinga o`tdi va ayni shu sabab biz uchun hujumda zonalar paydo bo`ldi", - deya Ahmedov o`yinga umumiy fikrini bildirdi.
- Bugun ham KXDRga qarshi bo`lgani kabi maydon chimi erkin harakat qilishga halal berdi, bu borada nima deya olasiz?
- Ha, bu narsa ta`sir o`tkazadi. Tashqaridan unchalik bilinmasligi mumkin, lekin maydonga tushib o`ynab ko`rgan odamga bu narsa darhol bilinadi. Har bir jamoa qaysi maydonda o`ynashini tanlashi kerak. Bu O`zbekiston milliy terma jamoasi-ku axir. Nima uchun hamma sharoitlari va ajoyib maydoni bor "Paxtakor" stadionida o`ynalmaydi, ochig`i, tushunmayman. Bu erda chim yaxshi emas.
- Shunga qaramay, bugun samaradorlik ko`rsatdingiz.
- Bu futbol, unda doim gol uraman yoki golli pas beraman deb maydonga chiqamiz. Alloxga shukr, bugun o`yinim qovushdi va gol urib, ham golli pas berdim.
- Ektor Kuper ayni paytda himoyani tartibga keltirib olishga ko`proq urg`u bermoqda. Bosh murabbiy tanlagan taktika va uslub o`yinchi va jamoa sardori sifatida sizga ma`qul kelayaptimi?
- Murabbiy qanday taktika tanlashidan qat`i nazar jamoa uchun eng kerakli narsa - natija. Tanlangan uslub natija bersa, demak biz to`g`ri yo`lda bo`lamiz.
- Murabbiy siz bilan sardor sifatida jamoaning kelajakdagi harakatlari haqida yuzma-yuz gaplashdimi?
- Bunday mavzuda gaplashganimiz yo`q.