O`zbekiston Respublikasi va Rossiya Federasiyasi o`rtasida hududlararo hamkorlik 1-forumi o`z ishini davom ettirmoqda.
Poytaxtimizdagi “O`zekspomarkaz”da O`zbekiston Respublikasi Savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, tomonidan Rossiya Federasiyasining Iqtisodiy rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan forum doirasida o`tgan biznes-nonushtada ikki davlatning tegishli idora va tashkilotlari mutasaddilari, o`zbekistonlik va rossiyalik ishlab chiqaruvchilar, yirik tadbirkorlar ishtirok etdi.
Dasturxon atrofidagi ushbu tadbirni O`zbekiston Respublikasi iqtisodiyot vaziri Botir Xodjaev boshqardi. Tadbirda so`zga chiqqan Rossiya Federasiyasining O`zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Vladimir Turdenev, Rossiya Federasiyasi Qishloq xo`jaligi vaziri o`rinbosari Sergey Levin, O`zbekiston Savdo-sanoat palatasi rahbari Adham Ikramov va boshqalar ishtirokchilarni ushbu yirik anjuman bilan qutlab, forum ishiga muvaffaqiyatlar tiladilar.
Dasturxon atrofida ikki tomonlama manfaatli aloqalarni rivojlantirish, hududlarning eksport salohiyatini oshirish, O`zbekiston hududida yangi iqtisodiy zonalarni tashkil etish, qo`shma korxonalarni ko`paytirish, xorijiy sarmoyalar borasidagi qonunchilikni takomillashtirish singari masalalar muhokama qilindi.






