AsosiyJamiyat

Laziz Tangriev "Mayak Kans" zavodi direktori bilan uchrashdi

'Laziz Tangriev "Mayak Kans" zavodi direktori bilan uchrashdi'ning rasmi

Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putinning mamlakatimizga davlat tashrifi doirasida O`zbekiston Respublikasi va Rossiya Federasiyasi o`rtasidagi hududlararo hamkorlik I forumi o`tkazilmoqda.

Forum doirasida bugun, 18 oktyabr kuni O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi Bosh direktori Laziz Tangriev Rossiya qog`oz sanoati vakili –Penza shahridagi “Mayak Kans” zavodi direktori Sergey Plotnikov bilan uchrashdi.

Uchrashuvda barcha sohalarda, shu jumladan, noshirlik va matbaa sohalaridagi to`g`ridan-to`g`ri aloqalar har ikki tomon uchun ham manfaatli ekani ta`kidlandi. Laziz Tangriev rossiyaliklar bilan O`zbekistonga ofset qog`ozini olib kelish, Agentlik tizimidagi nashriyot-matbaa ijodiy uylarida devor uchun qog`oz (oboy) ishlab chiqarishni yo`lga qo`yish bo`yicha ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etilishi lozimligini ta`kidladi.

– Bugun O`zbekistonda matbaa va noshirlik sohasini jadal rivojlantirish borasida keng qamrovli ishlar izchil amalga oshirilyapti. Bu borada qator qonun hujjatlari qabul qilingani ham faoliyat rivojida muhim omil bo`lyapti. Ayniqsa, matbaa sohasida yangi texnologiyalar asosida sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish, yangi bozorlarni o`zlashtirish muhim vazifalarimizdan sanaladi, – dedi L.Tangriev.

Ma`lumot o`rnida aytish kerakki, 1850 yilda tashkil etilgan ushbu fabrika qog`oz va qog`oz sanoati sohasidagi qadimgi korxonalardan biri hisoblanadi. “Mayak Kans” zavodi tomonidan bugungi kunda nafaqat ichki, balki tashqi bozorga ham maktab daftarlari, umumiy daftarlar ishlab chiqaruvchi Rossiyadagi eng yirik korxonalardan biridir.

– Rossiya Federasiyasi Prezidentining yurtingizga davlat tashrifi doirasida ilk bor O`zbekiston va Rossiya hududlararo hamkorlik forumi o`tkazilmoqda, – dedi Sergey Plotnikov. – Ushbu tadbirlarga a`lo darajada tayyorgarlik ko`rilganini, o`zbek xalqining mehmondo`stligini O`zbekistonga qo`ygan ilk qadamda, ya`ni aeroportdayoq his etdim. Buning uchun O`zbekiston rahbariyatiga, o`zbek xalqiga alohida minnatdorlik bildiraman. O`ylaymanki, mamlakatlarimiz o`rtasida do`stlik-birodarlik, hamkorlik bundan keyin ham rivojlanib boraveradi.

    Boshqa yangiliklar