Hozirda O`zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan Samarqand, Buxoro, Qashqadaryo, Farg`ona viloyatlari va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ishlab chiqilgan «Samarqand, Buxoro, Shahrisabz, Marg`ilon va Toshkent shaharlarida Yoshlar mehmonxonalari qurilishini tashkil etish manzilli rejasi» tasdiqlanishi kutilmoqda.
Unga ko`ra, Yoshlar mehmonxonalarini qurish va rekonstruksiya qilish uchun O`zbekiston yoshlar ittifoqining «Yoshlar qurilish invest» kompaniyasi – buyurtmachi etib belgilanadi.
Bosh loyihachilar hamda bosh pudratchilar qonunchilikda belgilangan tartibda tanlov savdolari (tender) natijalari asosida aniqlanadi.
Yoshlar mehmonxonalarini qurish, rekonstruksiya qilish, jihozlash va faoliyatini yo`lga qo`yish bilan bog`liq xarajatlar O`zbekiston yoshlar ittifoqi mablag`lari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Yoshlar mehmonxonalarida yoshlar turizmi uchun qulay infratuzilma va ijtimoiy ob`ektlarni tashkil etishni inobatga olgan holda ular xostellarga tenglashtiriladi hamda amaldagi qonunchilikda hostellar uchun ko`zda tutilgan davlat standartlari talablariga muvofiq o`z faoliyatini olib boradi.
O`zbekiston yoshlar ittifoqiga xususiy investorlar bilan to`g`ridan-to`g`ri muzokaralar yakunlari bo`yicha investisiya shartnomalarini tuzish orqali Yoshlar mehmonxonalarini qurish va faoliyatini amalga oshirishga ruxsat beriladi.
Samarqand, Buxoro, Qashqadaryo va Farg`ona viloyatlari hokimliklari ilovadagi manzilli rejada belgilangan hududlarda Yoshlar mehmonxonalarini qurish uchun shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq er maydonlarini o`rnatilgan tartibda ajratadilar.






