O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi “O`zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan xalqimizda, ayniqsa, yoshlarimizda vatanparvarlik, yurtga sadoqat kabi yuksak tuyg`ularni oshirishga ko`mak berguvchi kitoblar ketma-ket nashr etib kelinmoqda. Chunonchi, yaqinda ushbu ma`rifat o`chog`i tomonidan “Mard o`g`lonlar nomi barhayot” nomli xotira kitobi chop etilgan edi. Shu kunlarda esa “O`zbekiston” NMIU yoshlarimizga yana bir tuhfa tayyorladi – qurolli kuchlar xizmatchisi Sherzod Hikmatovning “Shahdam qadamlar sehri” nomli kitobi nashr qilindi.

2018 yil 19 oktyabr kuni Poytaxtimizdagi “Yoshlar ijod saroyi”da O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 avgust kunidagi “O`zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari harbiy xizmatchilarining ma`naviy-ma`rifiy saviyasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish to`g`risida”gi Qarori hamda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 23 fevraldagi “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash konsepsiyasini tasdiqlash to`g`risida”gi Qarori doirasida chop etilgan “Shahdam qadamlar sehri” kitobining taqdimoti bo`lib o`tdi.
Tadbirda Toshkent shahar Mudofaa ishlari boshqarmasi, O`zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi, O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O`zbekiston Yoshlar ittifoqi, Toshkent shahar Xalq ta`lim bosh boshqarmasi, O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari faxriylari, ijodiy uyushmalar va jamoat tashkiloti mutasaddilari, yozuvchi-shoirlar, yoshlar ishtirok etdi.

Aytish joizki, mazkur kitob tinch va farovon hayot yo`lida qilinayotgan amaliy sa`y-harakatlar batafsil aniq misollar bilan yoritib berilgani bilan ham ahamiyatlidir.
Kitob uch qismdan iborat bo`lib, unda harbiy xizmat davomidagi ahamiyatga ega bo`lgan hayotiy voqealar, yoshlarda jangovorlik, shijoatni uyg`otuvchi she`rlar hamda qatralar joy olgan. Xususan, “Fidosi bo`l shu yurtning”, “Vatanni mardlar asraydi”, “Burch mas`uliyati”, “Shaxdam qadamlar sehri”, “Qalbni mudroq bosmasin”, “Hayot saboqlari” kabi qatra lavhalar, shuningdek, chuqur mushohadaga chorlovchi uyg`oq she`riy satrlar har bir kitobxonni o`ziga jalb etadi.
Tadbirda so`zga chiqqan O`zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Sa`dulla Hakim ushbu kitobning bugungi kunimiz uchun, ulg`ayib kelayotgan yoshlar tarbiyasi uchun bo`lgan ahamiyatiga batafsil to`xtaldi.
Shuningdek, tadbirda bo`lajak jajji vatan himoyachilari o`zlarining chiqishlari bilan yig`ilganlarni xushnudlik bag`ishladi.

Taqdimot so`ngida esa taniqli san`atkorlar hamda Toshkent harbiy okrugi Chirchiq garnizoni Ma`naviyat va ma`rifat markazi harbiy orkestri tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi yig`ilganlarga o`ziga xos shukuhli kayfiyat ulashdi.

O`zMAA “O`zbekiston” NMIU
Matbuot xizmati






