AsosiyJinoyat
5652

Qaynsingilga suiqasd qilgan kelin jazoga tortildi

'Qaynsingilga suiqasd qilgan kelin jazoga tortildi 'ning rasmi

2018 yil 25 sentyabr kuni jinoyat ishlari bo`yicha Boysun tumani sudi ochiq sayyor sud majlisida Sojida Mamajonova (maqoladagi ism – shariflar o`zgartirildi)ga oid jinoyat ishi ko`rib chiqildi. Ayol oshxona pichog`i bilan qaynsinglisiga og`ir tan jaroµati etkazgan.

Sojida Mamajonova 1986 yilning 14 may sanasida tug`ilgan. Ma`lumoti o`rta. Oilali, 2 farzandi bor. Uy bekasi. Muqaddam sudlanmagan.

Uch yillik mojaro

Qaynsingil va kelin mojarosi hech kimga yangilik emas. O`zaro ayblovlar, kelishmovchiliklar, «u unday dedi, men bunday dedim» qabilidagi mashmashalarni tinch yo`l bilan hal qilish mumkinligini ham hammamiz bilamiz. Ammo Bu xonadonda oilaviy kelishmovchilik pichoqbozlikkacha borib etdi.

2018 yilning 9 avgust kuni oshxonada ovqat tayyorlayotgan Sojida odatdagidek qaynsinglisi bilan gap talashib qoladi. Kelinoyisiga gap bermayotgan Kamola o`zini qanchalik haq bilsa, Sojida ham u bilan teppa–teng olishardi. Ayollarning janjali shu darajaga etdiki, Sojida hissiyotlariga erk berdi, xatti–harakatlarini nazorat qilolmay qoldi. Va ishlatib turgani osh pichoqni qaynsinglisining qorniga sanchdi. Bir necha soniyalar ichida yuz bergan ushbu voqea Sojidani shoshirib qo`ydi. Hushsiz, qonga belanib yotgan qaynsinglisining ahqolidan qo`rqib ketib, hovliga qarab chopdi.

Boysun tumani STEBning 2018 yil 17 avgustdagi 447-sonli ekspertiza xulosasiga ko`ra, K. Asrorovaning qorin sohasiga sanchilib, kesilib kirgan jarohat jigar o`ng bo`lagi beshinchi segment sanchilgan kesilgan jarohati, qon ketishdan keyingi shok o`rta darajasi, chap yonoq bo`yin sohasida tirnalgantan jarohatlari og`ir jarohat ekani aniqlangan.

Sojida aybiga to`liq iqror bo`lgan bo`lsa-da, asosiy gapni aytmadi: qaynisinglisi bilan ko`p yillardan buyon gaplashmasligini yashirdi.

S. Mamajonova:

– O`sha kuni oshxonada sabzi to`g`rayotgandim. Qaynsinglim – Kamola kirib kelgach, u bilan biroz gaplashgandek bo`ldik. O`g`lim eshik tomon keta boshlaganida uni to`xtatmoqchi bo`lib, ortidan bordim. Shoshganimdan qo`limda pichoq borligini unutibman. O`g`limni ichkariga olib kirayotib, «Siz jiyaningizga ko`z – quloq bo`lib turing, men ovqatga qaray», deya Kamolaga gapirdim. Ortimga o`girilganimda esa u «voy» deb qornini ushlab qoldi. Bilsam, qo`limdagi pichoq Kamolaning qorniga sanchilib ketgan ekan. Qaynsinglimning ahvolini ko`rib, qattiq qo`rqib ketdim. Qo`limdagi pichoqni erga tashlab, hovliga chopdim. Bunday bo`lishini xohlamagandim. Menga ishoning, qaynsinglimga nisbatan adovatim yo`q. Atay joniga qasd qilishni o`ylamaganman. Bu bexosdan yuz berdi.

Sojida suddagi ko`rsatmasida qaynsinglisining bo`yin sohasida aniqlangan jarohatlarga hech qanday aloqasi yo`qligini aytgan. Ammo Kamola Asrorovaning ko`rsatmasi kelinoyisinikidan farq qildi.

Ma`lum bo`lishicha, Kamola, mana, uch yildirki, kelinoyisi bilan gaplashmaydi. Suiqasd yuz bergan kunga qadar ham ikkisi ko`p marotaba janjallashgan.

K. Asrorova:

– Iyul oylarida kelinoyim akam bilan tortishib qolib, uydan chiqib ketdi. O`sha kuni, ya`ni 9 avgustda kelinoyim oshxonada sabzi to`g`rayotgan edi. Rosti, uni ko`rib achchig`im keldi va onamga: «Nima sababdan u qaytib keldi? Boshqasiga turmushga chiqmoqchi edi-ku», dedim. Kelinoyim «Nima qilishni sendan so`ramayman, hushimga kelganini qilaman», deb men bilan aytishib ketdi. So`ng o`ng qo`lidagi oshxona pichog`ini qornimga sanchib oldi. Jon holatda «Meni pichoqladi, yordam beringlar», deb baqirdim. Bir zumda onam, qo`ni–qo`shnilar etib kelishdi. Qo`shnimizning mashinasida meni tuman shifoxonasiga olib ketishdi.

Tuman shoshilinch tez tibbiy yordam bo`limida K. Asrorovaga birinchi yordam ko`rsatilib, hayoti saqlab qolindi. Sojida yuz bergan voqeadan qattiq pushaymonligi, voyaga etmagan farzandlari borligini aytib, Kamoladan kechirim so`radi.

Qizini desinmi yo kelinini?..

Sudda ko`rsatma bergan guvoh Sh. Mamajonova kelini va qizi o`rtasidagi ko`p yillikziddiyatni inkor etib, «Ularning o`zaro kelishmovchiligidan xabarim yo`q edi», degan.

Guvoh sifatida qatnashgan T. Asrorov ham kelini va qizining janjallaridan bexabarligini ma`lum qilgan. Qiziq, bir uyda yashab kelayotgan odamlar, nahot, qaynisingil va kelin o`rtasidagi kelishmovchilikdan xabarlari bo`lmasa?! Yo atay yashirishyaptimikan?..

Guvoh Sh. Mamajonova:

— O`sha kuni non yopayotgandim. Oshxonada Kamola va Sojidaning og`zaki tortishib qolishganini eshitdim va darhol o`sha erga bordim. Oshxonaga kirganimda ikkisi bir–birining sochidan tortib, janjallashishayotgandi. Ularni ajratishga harakat qildim. Ammo uddalay olmadim. Shu payt Kamolaning o`ng biqinidan qon oqayotganiga ko`zim tushdi. Kapalagim uchib «Qaering qonayapti? Bu nima?», deb baqirdim. Qizim, biqinini ushlab, «U meni pichoqladi», dedi-yu, erga yiqildi. Qo`rquv aralash tez yordamga qo`ng`iroq qildim. So`ng qizimni shoshilinch tez yordam bo`limiga olib bordik.

Sudda ko`rsatma bergan guvohlar: Sh. Mamajonova (qaynona), T. Asrorov (qaynota) va D. Mamajonov (sudlanuvchining eri) S. Mamajonovaga engillik berilishini so`rashdi.

Sud Sojida Mamajonovani JKning 104-moddasi, 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topdi. Va unga JKning 104-moddasi, 1 – qismi bilan shu Kodeksning 57-moddasini qo`llab, sutkaning soat 22:00 dan 06:00 gacha yashash joyidan chiqishi cheklangan holda bir yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati hamda jinoyat ishlari bo`yicha Boysun tumani sudi raisi Jasur Xudoyberdiev bilan hamkorlikda tayyorlandi

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar