AsosiyJinoyat

DXX tomonidan giyohvandlik moddalari savdosining oldi olindi (video)

'DXX tomonidan giyohvandlik moddalari savdosining oldi olindi (video)'ning rasmi

Yurtimizda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan giyohvandlik moddalari savdosining oldini olish bo`yicha muntazam choralar ko`rilmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri Davlat xavfsizlik xizmati Farg`ona viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan o`tkazildi.

Qo`qon shahrida istiqomat qiluvchi Mirzohid Oxunov “Andarxon” chegara posti orqali qo`shni Tojikiston Respublikasiga o`tib, u erda 4 ming AQSh dollari evaziga opiy giyohvand moddasini xarid qiladi va jinoiy sherigi, Qo`qon shahrida yashovchi Ulug`bek Qayumovga telefon qilib, mazkur giyohvand moddani Qo`qonga etkazib berishni so`raydi. Ulug`bek Qayumov giyohvand moddalarni Bekobod shahridan olib kelayotgan vaqtda Chag`ali qishlog`i yaqinida qo`lga olindi. Qayumovning tanishi boshqaruvidagi mashinada 1 kilogramm 984 gramm opiy moddasi borligi aniqlandi hamda ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirildi. Olib borilgan tezkor surishturuvlar davomida Mirzohid Oxunov ham qo`lga olindi.


Yana bir shunday holatning oldi olindi.

Marg`ilon shahrida yashovchi, muqaddam sudlangan Hoshim Ibrohimov Quvasoy shahridan Farg`ona shahriga kirib kelayotganida to`xtatildi. Qilmishi fosh bo`layotganidan bezovtalangan Ibrohimov mashinadan tushib, qo`lidagi buyumni ko`chaga uloqtirib, qochib ketayotgan vaqtda qo`lga olindi.

Uning jinoiy sherigi Marg`ilon shahrida yashovchi Doniyor Mahmudov esa, voqea joyidan qochib ketdi. Ammo, olib borilgan tezkor tadbir davomida u Marg`ilon shahrida qo`lga olindi.

Ibrohimov tomonidan uloqtirilgan buyum xolislar ishtirokida ko`zdan kechirilganda, sellofan paketga o`ralgan 672 gramm og`irlikdagi "gashish" giyohvand moddasi ekani aniqlandi.

Tergovoldi surishtiruvlar jarayonida Ibrohimov va Mahmudov "gashish" moddasini qo`shni Qirg`iziston Respublikasi hududida sotib olib, Quvasoy shahrining Polmon qishlog`i yaqinidagi aylanma yo`l orqali mamlakatimizga olib o`tgani ma`lum bo`ldi.

Hozirda har ikki holat yuzasidan Davlat xavfsizlik xizmati Farg`ona viloyati boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 246, 273-moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Boshqa yangiliklar