AsosiyJamiyat

YPXdan qochgan «Lacetti» haydovchisi yuk mashinasiga borib urildi

'YPXdan qochgan «Lacetti» haydovchisi yuk mashinasiga borib urildi'ning rasmi

Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida, Olmazor va Islom Karimov ko`chalari kesishmasida 28 oktyabrga o`tar kechasi soat 2:00 atrofida Lacetti avtomobili va HOWO yuk mashinasi ishtirokida yo`l-transport hodisasi yuz berdi. Bu haqda shahar IIBB axborot xizmati xabar berdi.

Manba xabariga ko`ra, avtomobilni YPX inspektorining talabiga bo`ysunmay, yashirinish maqsadida katta tezlikda va haydovchilik guvohnomasi yo`q bo`lgan (Lacetti haydovchisi ma`muriy ishlar bo`yicha Mirzo Ulug`bek tuman sudining 2018 yil 12 apreldagi qarori bilan Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 136-moddasida nazarda tutilgan qoidabuzarlik (“transport vositalari haydovchilarining va yo`l harakati boshqa ishtirokchilarining mastligi yoki mast emasligini aniqlash uchun tekshiruvdan o`tishdan bo`yin tovlashi”)ni sodir etganlikda aybli deb topilib, mast holda avtomobil boshqarganligi uchun 1,5 yilga haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilingan bo`lgan) boshqarib kelayotgan Lacetti haydovchisi Olmazor—Islom Karimov ko`chalari chorrahasida svetoforning taqiqlovchi qizil chirog`iga chorrahaga katta tezlikda kirib borgan vaqti yuk mashinasi bilan to`qnashib ketgan.

Hodisa oqibatida Lacetti haydovchisi, 29 yoshli Jo`rabek A. tan jarohatlari bilan kasalxonaga yotqizilgan, Lacettiʼning 26 yoshli yo`lovchisi Shahboz H. esa hodisa joyida halok bo`lgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (“odam o`lishiga sabab bo`lgan transport vositasi harakati yoki undan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish”) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.

Tergov davomida YTH sabablari, haydovchini tezlikni oshirishga undagan omillar aniqlanadi. Qoidabuzarning avtomobilini ta`qib qilib borgan xodimlarga nisbatan xizmat tekshiruvi belgilangan.

Ushbu tekshiruv natijalari haqida qo`shimcha axborot beriladi.

    Boshqa yangiliklar