O`zbekistonlik ziyoratchilarning dastlabki guruhi Umra safariga jo`nab ketdi. Bu haqda Din ishlari bo`yicha qo`mita matbuot xizmati xabar berdi. Ularni kuzatishga qo`mita raisi o`rinbosari Nurimon Abulhasan qatnashdi.
"Mamlakatimizda milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e`tibor, jumladan, joriy etilayotgan qulayliklar yurtdoshlarimizning ko`nglini ko`tarib, mamlakatimizdagi tinchlik-osoyishtalik va bag`rikenglik muhitiga shukronalik keltirishida muhim omil bo`lmoqda", - deb ta`kidladi Din ishlari bo`yicha qo`mita raisi o`rinbosari.
Boshlangan Umra mavsumini yuqori saviyada tashkil etish uchun barcha chora-tadbirlar ko`rildi. Ziyoratchilar uchun qulay shart-sharoit yaratish, ularning salomatligini muhofaza qilish va xavfsizligini ta`minlash maqsadida, O`zbekiston musulmonlari idorasi, Ichki ishlar va Sog`liqni saqlash vazirliklari, Davlat bojxona qo`mitasi va boshqa mutasaddi tashkilotlar tomonidan tegishli ishlar amalga oshirilmoqda. Haj va Umra amallarini tashkil etish va o`tkazish masalalari bo`yicha Jamoatchilik kengashi tomonidan yurtdoshlarimizga xizmat ko`rsatish ishlari muvofiqlashtirib borilayotir.
Haj ibodatlarini to`la-to`kis ado etish, bu boradagi tartib-qoidalar, shuningdek, safar talablari xususida tushuntirish berish maqsadida joylarda ziyoratchilar guruhlari uchun safaroldi uchrashuvlari tashkil etildi.
Vatandoshlarimiz Madina shahridagi muqaddas qadamjolarni ziyorat qilganidan so`ng Makka shahriga yo`l oladi. Ziyoratchilar uchun mavsum davomida 5 yulduzli mehmonxona, oshxona va transport xizmatlari yuqori saviyada tashkil etiladi.
Avval xabar qilganimizdek, hukumat qarori bilan joriy yildan Umra mavsumi yil bo`yi uzluksiz davom etishi e`lon qilindi. Avvallari muayyan o`zbekistonlik ziyoratchilar Umra safariga otlangan bo`lsa, hozirda bu cheklovlar olib tashlandi.
Ma`lumot o`rnida aytish kerakki, shu paytga qadar har yili 5 ming yurtdoshimiz Haj safariga va 6 ming nafari esa Umra ziyoratlariga borgan. Mamlakatimiz mustaqillikka erishguncha, ya`ni 1943-1991 yillarda bor-yo`g`i 140 nafarga yaqin yurtdoshimiz muborak Haj safariga borish baxtiga musharraf bo`lgan.
2019 yildan boshlab yiliga minglab vatandoshimiz umra amallarini bajarish imkoniga ega bo`lishadi.






