AsosiyJamiyat

"Attraksiondan yiqilib, ko`zlarimdan ayrildim". Falokatda kim aybdor?

'"Attraksiondan yiqilib, ko`zlarimdan ayrildim". Falokatda kim aybdor?'ning rasmi

Har kuni turli muammolari bilan tahririyat eshigini qoquvchilar ko`p. Shunday murojaatchilardan birining o`zi haqidagi fojiali hikoyasi barchamizning e`tiborimizni tortdi. 2017 yilning sentyabrida attraksiondan otilib tushgan va oqibatda qattiq jarohat olgan Bahrom Yakubov yuzlashgan fojia haqida dard va alam bilan so`zlab berdi...

"Bolalikka qaytmoqchi edim, oqibatda..."

— Boshimdan o`tganlarini eslab, gapirib berish men uchun naqadar qiyin bo`lmasin ularni qayta xotirlashga ahd qildim. Hammasi 2017 yil 16 sentyabrda boshlandi. Ikki do`stim bilan tug`ilib o`sgan Navoiy shahridagi markaziy madaniyat va istirohat bog`iga borgandik. “Aylanma stul” attraksionlarda uchish jarayonida men o`tirgan o`rindiqning nosozligi tufayli katta tezlikda uchayotgan attraksiondan uchib chi­qib ketib, zarba bilan yiqildim. Oqibatda o`rab turgan panjara yonida turgan temir narvonga borib burun va ko`z qismim bilan urilganman. Ochig`i, o`sha daqiqada hamma narsani aniq eslolmayman. Ammo odamlarning g`ala-g`ovuri, do`stlarimning vahimasi va shosha-pisha “tez yordam”ga qo`ng`iroq qilib, manzilni tushuntirishayotgani elas-elas yodimda. O`sha kuni “tez yordam”ni ham uzoq kutganimiz. Kelgan mashina ham bog`dan chiqib ketish yo`lini topolmay rosa vaqtni olgandi. Keyin hushimdan ketdim. O`zimga kelganimda atrofni zulmat qoplagandi...

Sud-tibbiy ekspertiza xulosasi

Voqeadan 18 kun o`tgach Navoiy viloyat sud-tibbiy ekspertiza byurosi Bahrom Yakubovning salomatligi to`g`­risidagi xulosani taqdim etdi.

“Uning tanasida aniqlangan jarohatlar — qo`shma shikastlanish, bosh miya ochiq travmasi, bosh miya lat eyishi, og`ir darajasi. Ensa suyagi chiziqli sinishi. Miya yumshoq pardasi ostiga qon quyilishi. Tepa soha miya ichi gematomasi va ikkilamchi ishemiya­si. Ikkala yonoq suyaklari, yuqorigi jag` suyagi, burun suya­gi va g`alvirsimon suyak, bilak suyaklarining ochiq sinishi va siljishi. Ikkala ko`z kosalari suyak­lari sinishi va o`ng elka, son pastki uchligidan yopiq sinishi va siljishi kuzatilgan.

Peshona, ko`z qovoqlari, yuz yonoq sohalari va o`ng bilak sohalari ezilib yirtilgan jarohati, tanada ko`plab yumshoq to`qimalar qontalashi bor. Ushbu jarohatlar belgilariga ko`ra hayoti uchun xavfli bo`lgan og`ir tan jarohati qismiga to`g`ri keladi”.

O`zingiz o`ylab ko`ring, Bahromning ana shunday dahshatli jaro­hatlardan so`ng joni omon qolgani, ota-onasi, turmush o`rtog`i va murg`akkina qalbi bilan dadasiga mehr berib turgan o`g`lining baxti uchun bu yorug` olamda yashayotganining o`zi bir mo``jiza emasmi?

"Bugun ko`zlarim ojiz..."

Ana shundan keyin hayotimda haqiqiy ma`noda qorong`i kunlarboshlandi. 2017 yilning 20 sentyabrida bi­rinchi operasiya o`tdi. Zarbaning qattiq­ligidan yiqilganimda ko`zim oqib tushgan ekan. Saqlab qolishning ilojisi yo`q bo`lgani uchun o`ng ko`zimni olib tashlashgan. Buni men ancha o`tib bilganman. Onam: “bolam bir ko`zi yo`qligini o`ylab siqilmasin”, deb biroz o`zimga kelganimdan keyin aytgandilar.

Oradan biroz vaqt o`tib, ikkinchi operasiya 9 oktyabrda o`tkazildi. Yuz qismim operasiya bo`ldi. Yuzim, ko`z va burun suyaklari maydalanib ketgan ekan, maxsus “temir”lar bilan yuzni “yasashdi”. Ko`zimga qayta nur bag`ishlash ilinjida juda ko`p shifokorlarga murojaat qildik. Foydasi bo`lmadi. Keyin ustozim (tahririyat nomidan: Bahrom Yakubov san`atga ilk qadamlarini tashlashga ulgurgan “Quvnoqlar va Zukkolar” jamoa­sida qatnashib, bir necha xonandalarning kliplarida ham suratga tushgan) Jahongir Poziljonovning maslahati bilan xususiy klinikalardan birida Hindistondan kelib ishlaydigan shifokorning nazorati menga umid bag`ishladi. U mendagi og`ir ahvolni faqat Hindistondagi kerakli moslamalar bilan bartaraf etish mumkinligini aytdi.

Ochig`i, moliyaviy ahvolimiz ham juda og`ir, sog`ligimni tiklash uchun katta mablag` sarflagandik. Shu kungacha 4 ta jarrohlik amaliyotini boshdan o`tkazib, sog`ligimni bugungi holatga keltirguncha 200 mln. so`mdan ziyod pul sarfladik. (Hatto hamyurtlarimizga karta raqamini tashlab, xayriya qilishlarini so`ragandik. Baraka topishsin, saxovatlilar ko`p ekan) O`zingizga ma`lum, xorijdagi tibbiyot xizmatlari ham arzon emas. Bunda ham ustozim qo`llab-quvvatladi. Xarajatlarimning biroz qismini Jahongir aka to`lagan. Hindistonda shifokor chap ko`zimning to`r pardasini joyiga qo`yishgan va yig`ilgan, qotgan qonni olib tashlashga muvaffaq bo`lgan. Keyin maxsus suyuqlik quyildi (Shu fursatdan foydalanib, barcha yaqinlarim, Jahongir Poziljonovga qilgan yaxshiliklari uchun mingdan-ming rahmat aytaman).

Bugun yana bir jarrohliq ishini amalga oshirish uchun tayyorgarlik ko`ryapman. Mutaxassislarning aytishicha, chap ko`zimning ort tomonidagi jarohatlarni bartaraf etish kerak. Bu amaliyot faqat Rossiyaning Ufa shahrida qilinarkan. Yuzning suyak qismiga qo`yilgan temirlarni ham olib tashlash, burun qismini ham to`g`irlash lozim. Shifokorlarning aytishicha, narkozni ham ko`p qabul qilishim mumkin emas ekan. Organizm ko`tara olmasligi mumkin, deyish­yapti. Shuning uchun nasib qilsa, Ufaga borganda yuzimga qo`yilgan temirlarni oldirib, burun qismini to`g`rilab, o`ng ko`zimga ham protez qo`ydiraman. Ammo ochig`i qo`lim kalta. Vaziyat qanday chiqishni jarrohlik ishi uchun talab qilinayotgan katta summani qaerdan topishni bilmay, boshim qotgan.

Bilasizmi, hayotimda sodir bo`l­gan bu voqeani eshitgan har bir inson masalaning ikkinchi tomoniga qiziqadi. Ya`ni bog` ma`muriyati qanday yordam berdi? HECh QANDAY! Go`yoki, mening bugungi ahvolimningularga aloqasi yo`qday munosabatda bo`lishyapti. Hatto, bugungacha davom etayotgan muolajalarimda biror marotaba holimdan xabar ham olishgani yo`q.

Bahrom qo`limizga Navoiy shahar ichki ishlar bo`limi huzuridagitergov bo`limining to`plagan hujjatlarini tutqazdi. Ularni ko`zdan kechirdik. Qog`ozlardagi tafsilotlar sizlarni ham befarq qoldirmas, degan umidda ularnitaqdim etamiz.

"Voqea joyini ko`zdan kechiramiz..."

Taqdim etilgan hujjatlar orasida mazkur ish bo`yicha Navoiy viloyati IIB mutaxassislari va Navoiy viloyati Mehnatni muhofaza qilish va mehnat sharoitlari ekspertizasi Davlat inspeksiyasi voqea joyini ko`zdan kechirish bayonnomasida keltirilishicha, “Aylanma stul” ko`ngilochar attraksionning oltinchi sariq rangdagi o`rindiq buzilgani va himoya vositasi xavfsizlik kamarlari mavjud emasligi yozilgan. Attraksionni o`rab turgan yashil panjara yonida esa temir narvon borligi ham fotolarda qayd etilgan. Xulosaga ko`ra, “Aylanma stul” ya`ni “Panda” o`rindiqlar ta`mirtalabligi aniqlangan.

"Texnik holat haqida ikkilamchi xulosa"

“Sanoatgeotexnazorat” tekshiruvida 2017 yil 22 sentyabrda olib borilgan tekshiruv ishlarida faqat o`rindiqlarning ayrimlarida bo`yoq ko`chgani aytilgan bo`lsa, “Eko-is­siq­liksozlash” xulosasida attraksion texnik xavfsizlik holati bo`yicha kamchilik topilmaganligi bayon etilgan. Xo`sh, unday bo`lsa, yuqorida Navoiy shahar Ichki ishlar boshqarmasi Tergov boshqarmasi olib borgan tergov oldi tekshiruvidagi “Aylanma stul” ko`ngilochar attraksionning oltinchi sariq rangli o`rindiqda himoya vositasi xavfsizlik kamarlari mavjud emas”, degan fikrlar qayoqda qoldi?

Bo`lgan vaziyatni ikkinchi tomon qanday izohlaydi. Istirohat bog`ining rahbari Jumamurod Karimovga murojaat etdik.

"Haqiqat yuzaga chiqishiga ishongim kelyapti"

Ochig`i bog` ma`muriyati barchasida o`zimni ayblashayotganidan “shok”daman. Nima emish, men selfi olish uchun o`rnimdan turgan ekanman. O`zingiz o`ylang, aylanib turgan attraksionning o`rindig`idan qanday turish mumkin. Oyoq tomonda tiralib chiqadigan narsa ham yo`q bo`lsa, bu ishni qanday amalga oshirishim mumkin edi? Bunday xavfli harakat qanday oqibatga olib kelishini bilsam kerak! Bundan tashqari, telefonim pullarim bilan birga cho`ntagimda bo`lgan. Telefonim hatto qattiq shikastlanmagan ham. Tekshiruv jarayonida esa undan hech qanday foto yo video ham topishmadi. Attraksion­ning men o`tirgan o`rindig`i singani oqibatida men bir necha soniya, xavfsizlik kamarda osilib turib, vaznimni ko`tarolmaganimdan pastga yiqilganman. Yonimda bo`lgan do`stlarim uzilib ketgan kamarni ham ko`rishgandi. Ammo keyinchalik tekshiruvlarda kamar yo`qolib qolgani aniqlandi...

Xullas, aqlga sig`maydigan baho­nalar bilan park ma`muriyati o`zini javobgarlikdan olib qochmoqda. Bunday munosabat va befarqlikka chidolmayman. Bog` ma`muriyati ustidan shikoyat qilib tegishli joylarga ariza yozishga majbur bo`ldim. Ammo hech qanday ijobiy javob yo`q. Ulardagi xulosalarda ham faqat meni ayblashgan. Nima qilishga boshim qotgan. Ammo haqiqat yuzaga chiqishiga ishongim kelyapti.

Suhbat davomida qah­ra­mo­ni­miz bugun I gu­­ruh nogironi bo`lsa ham juda ko`p tashkilotlar­ning eshigini qoqqaniga guvoh bo`ldik. Hamma jim va bir yil avvalgi fojiani go`yo hamma unutgandek. Biroq qahramonimizni yolg`iz tashlab qo`yishga bizning vijdonimiz yo`l qo`ymadi. Unga yordam qo`lini cho`zdik va tashkilotlar bilan o`zimiz bog`lanib ko`rishga qaror qildik...

Bosh prokuratura izohi

O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga yo`llagan murojaatimizga quyidagicha izoh berdi. Tekshirish natijasiga ko`ra, ushbu holatda istirohat bog`i ma`muriyati va boshqalarning harakatlarida biror-bir jinoyat alomatlari aniqlanmaganligi sababli, joriy yilning 5 mart kuni JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo`zg`atilishini rad qilish haqidagi qaror qabul qilingan.

Vaziyat o`zgarmadi...

Ko`rib turganingizdek oradan bir yil vaqt o`tsa hamki, hali o`sha-o`sha “an`anaviy” javoblardan nariga o`tilmayapti. Nahot, vaziyatni ko`ra-bila turib, shunday befarqlik bilan qarash mumkin bo`lsa? To`g`ri, ehtimol, Bahromning o`zi ehtiyotsizlikka yo`l qo`ygandir, ammo nima bo`lganda ham hech bir omil inson qadridan yuqori bo`lolmaydi!

Quyida esa jabrlanuvchining advokati Boynazar Xaydarov taqdim etgan ma`lumotnomani havola etamiz.



Aliya SULAYMANOVA tayyorladi




    Boshqa yangiliklar