1

Haydovchi maxsus tekshiruvga borishdan bo`yin tovlasa, transport vositasini boshqarish huquqidan uch yilgacha mahrum etilishi mumkin

Jamiyat 30.10.2018, 12:24
Haydovchi maxsus tekshiruvga borishdan bo`yin tovlasa, transport vositasini boshqarish huquqidan uch yilgacha mahrum etilishi mumkin

Bu joriy yil 22 oktyabrdagi “O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoat xavfsizligini ta`minlashga qaratilgan o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi qonunda nazarda tutilgan.

Mazkur qonunda transport vositalarining boshqaruvi bilan bog`liq muammolarni yanada tartibga solish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning bir necha moddalariga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritildi.

Kodeksning 1283-moddasining uchinchi, to`rtinchi va beshinchi qismlaridagi jarimalar miqdori va jazo turi o`zgardi. Xususan, haydovchi boshqaruvidagi transport vositasi bilan mazkur moddaning uchinchi qismida belgilangan tezlik normasini buzsa, ya`ni haydovchilar trasport vositasi bilan belgilangan normadan soatiga 40 kilometrdan yuqori tezlikda harakatlansa, unga nisbatan eng kam ish haqining to`qqiz baravari miqdorida jarima belgilanadigan bo`ldi.

Haydovchilar belgilangan tezlikni normasidan oshirgani sabab ikki marotaba ma`muriy jazoga tortilgan bo`la turib, bir yil davomida ushbu huquqbuzarlikni takroran sodir etsa, yuqoridagi moddaning to`rtinchi qismiga asosan eng kam ish haqining o`n besh baravari miqdorida jarimaga tortiladi yoki bir yil muddatgacha transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etiladi.

Ushbu turdagi huquqbuzarlikni sodir etgani uchun uch marotaba ma`muriy jazoga tortilgandan keyin bir yil davomida takroran shu holatni sodir etsa, mazkur moddaning beshinchi qismida qayd etilganidek, ikki yil muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilinadi va eng kam ish haqining yigirma besh baravari miqdorida jarimaga tortiladi.

Endilikda haydovchilar transport vositalarini spirtli ichimlikdan, giyohvand modda ta`siridan yoki o`zgacha tarzda mast holda boshqarsa, 131-moddaga muvofiqtransport vositasini boshqarish huquqidan bir yilu olti oydan uch yilgacha bo`lgan muddatga mahrum etilib, eng kam ish haqining yigirma besh baravari miqdorida jarimaga tortiladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik transport vositalarini boshqarish huquqi bo`lmagan shaxslar tomonidan sodir etiladigan bo`lsa, ularga nisbatan eng kam ish haqining qirq baravari miqdorida jarima solinadi yoki o`n besh sutkalik ma`muriy qamoq jazosi tayinlanadi.

Bundan tashqari, spirtli ichimlik, giyohvand modda yoki o`zgacha tarzda mast holatda bo`lgan shaxsga transport vositasini boshqarish uchun bergan shaxsga nisbatan ham eng kam ish haqining o`n besh baravari miqdorida jarima tayinlanadi yoki ikki yildan uch yilgacha bo`lgan muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etiladi.

Yo`l harakati qoidalarini buzishi sababli haydovchi transport vositasi bilan jabrlanuvchiga engil tan jarohati yoki eng kam ish haqining 5 baravari miqdorida moddiy zarar etkazsa, kodeksning 133-moddasiga muvofiq, eng kam ish haqining uch baravaridan etti baravarigacha bo`lgan miqdorda jarimaga tortiladi yoki bir yildan uch yilgacha transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etiladi.

Shuningdek, haydovchilarning yo`l harakati qoidalarini buzishi natijasida transport vositalari, yo`l harakatini tartibga soluvchi vositalar yoki boshqa mol-mulk shikastlanishiga olib kelsa, haydovchiga nisbatan eng kam ish haqining ikki baravaridan to`rt baravarigacha bo`lgan miqdorida jarima belgilanadi yoki transport vositasini boshqarish huquqidan olti oydan bir yilgacha mahrum etiladi. Etkazilgan zarar miqdori eng kam ish haqining 5 baravaridan kam bo`lgan holatlar bundan mustasno.

Yo`l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlarsiz transport vositalarini boshqargan shaxslar kodeksning 135-moddasining birinchi qismi, transport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi, transport vositasini ro`yxatdan o`tkazganlik haqidagi, shuningdek transport vositasiga egalik qilish, egasi yo`qligida undan foydalanish yoki uni tasarruf etish huquqini tasdiqlovchi hujjatlari, transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug`urta qilish bo`yicha sug`urta polisi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda esa lisenziya kartochkasi yoki yo`l varaqasi yonida bo`lmagan haydovchilarning transport vositalarini boshqarishi hamda ishonchnomalarni, transport vositalarini boshqa shaxsga o`tkazish va ijaraga berish shartnomalarini belgilangan tartibda ro`yxatdan o`tkazmasdan transport vositalarini boshqarsa, eng kam ish haqining bir baravari miqdorida jarimaga tortiladi. Ikkinchi qismi bo`yicha esa ya`ni transport vositalarini boshqarish huquqi bo`lmagan shaxslarning shu vositalarni boshqarishi, xuddi shuningdek boshqarish huquqi bo`lmagan shaxsga transport vositalarini boshqarishi uchun topshirilishi eng kam ish haqining besh baravari miqdorida hamda uchinchi qismi, transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxslarning bunday vositalarni boshqargani uchun eng kam ish haqining o`n baravari miqdorida jarima belgilanadi.

Bilamizki, avtomashina boshqaruviga mast holda o`tirish turli ko`rinishdagi falokatlar yuz berishiga olib keladi. Aynan yo`llardagi xavfsizlikni ta`minlash maqsadida transport vositalari haydovchilari va yo`l harakati boshqa ishtirokchilari spirtli ichimlik ichgan yoki ichmaganligini aniqlash maqsadida joriy etilgan tekshiruvga borishdan bo`yin tovlaganlik uchun ham qonuniy javobgarlikka tortish kuchaytirildi. Xususan, kodeksning 136-moddasining birinchi qismiga muvofiq haydovchi tekshiruvga borishdan bosh tortgani uchun transport vositasini boshqarish huquqidan bir yilu olti oydan uch yilgacha bo`lgan muddatga mahrum qilinib, qo`shimcha tarzda eng kam ish haqining o`n besh baravari miqdorida jarimaga tortiladi.

Qayd etish kerakki, qonun 3-moddasining 15-bandi mazkur qonun rasmiy e`lon qilingan kundan e`tiboran uch oy o`tgach amalga kiritiladi; qonun 3-moddasining 3-bandi, 28-bandining ikkinchi xatboshisi mazkur qonun rasmiy e`lon kilingan kundan e`tiboran olti oy o`tgach amalga kiritiladi.

Mirzo Ulug`bek Madalimov,

IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xodimi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1