AsosiyJamiyat

Qashqadaryoda 4500 ga yaqin, Buxoroda 6 600 dan ziyod yangi ish o`rinlari yaratiladi

'Qashqadaryoda 4500 ga yaqin, Buxoroda 6 600 dan ziyod yangi ish o`rinlari yaratiladi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan 2018–2019 yillarda Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod, Mirishkor hamda Chiroqchi tumanlarini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari dasturlari tasdiqlandi.

Bu haqda Adliya vazirligi “Huquqiy axborot” kanali xabar bermoqda.

Mazkur dasturlar oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlari, shuningdek qurilish materiallari, engil sanoat va boshqa sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish quvvatlarini modernizasiyalash, yangidan barpo etish, texnik va texnologik jihatdan yangilash, xizmatlar sohasi va servisni rivojlantirish, qishloq xo`jaligi sohasining yanada barqaror rivojlanishini ta`minlash, ijtimoiy soha infratuzilmasini yanada takomillashtirish bo`yicha investisiya loyihalarini o`z ichiga olgan.

Dasturlar doirasida viloyatning Dehqonobod, Mirishkor, Chiroqchi tumanlarida jami 1305 ta loyihaning amalga oshirilishi, bu orqali esa 4 500 ga yaqin yangi ish o`rinlarining yaratilishi nazarda tutilgan.

Xususan, ijtimoiy soha infratuzilmasini yanada takomillashtirish bo`yicha amalga oshiriladigan ishlar doirasida Dehqonobod tumanida 160 o`rinli maktabgacha ta`lim muassasasi, Bolalar-o`smirlar sport maktabi tarkibida yopiq suzish havzasini qurish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Mirishkor tumani markazida yangi Madaniyat va istirohat bog`ini tashkil etish, Oilaviy poliklinika binosini qurib foydalanishga topshirish, tuman tibbiyot birlashmasida tez tibbiy yordam ma`muriy binosi faoliyatini yo`lga qo`yish nazarda tutilgan.

Shuningdek, Chiroqchi tuman markazidagi ko`p qavatli uy-joylarning kanalizasiya tizimi tubdan yangilanadi. Buning uchun 1 mlrd. 56 million so`m ajratiladi.

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan 2018–2019 yillarda Buxoro viloyatining Jondor, Peshku, Romitan hamda Shofirkon tumanlarini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari dasturlari tasdiqlandi.

Dastur doirasida har bir tuman kesimida oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlar, shuningdek qurilish materiallari, engil sanoat va boshqa sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish quvvatlarini modernizasiyalash, yangidan barpo etish, texnik va texnologik jihatdan yangilash, xizmatlar sohasi va servisni rivojlantirish, qishloq xo`jaligi sohasining yanada barqaror rivojlanishini ta`minlash, ijtimoiy soha infratuzilmasini yanada takomillashtirish bo`yicha investisiya loyihalari tasdiqlandi.

Xususan, Jondor tumanida 296 ta, Peshkuda 286 ta, Romitanda 196 ta va Shofirkonda 211 ta loyihaning amalga oshirilishi, bu orqali esa 6 604 ta yangi ish o`rni yaratilishi nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, Jondor tumanida un mahsulotlarini, g`o`zapoyadan DSP ishlab chiqarishni tashkil etish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Peshku tumanida nevrologiya, kardiologiya, UTT, LOR, umumiy xirurgiya va klinik laboratoriya xizmatlarini joriy etish, Romitan tumanida jinsi mato va mahsulotlarini ishlab chiqarish dastur doirasida amalga oshiriladigan tadbirlar sirasiga kiradi.

    Boshqa yangiliklar