O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 noyabr kuni xalq ta`limi tizimini yanada rivojlantirish borasidagi islohotlar samaradorligini oshirish masalalariga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazdi.
Prezident soha oldida yana ko`plab vazifalar turgani, darsliklar ta`minoti, ta`lim dasturlari sifati, o`qituvchilar bilim va malakasini oshirish, kadrlar etishmovchiligini bartaraf etish, chet tillarini o`qish imkoniyatini kengaytirish borasidagi ishlar talab darajasida emasligini ta`kidladi.
Xalq ta`limi tizimida o`quv jarayonini avtomatlashtirish, o`quvchilarni maktabga qabul qilish va ko`chirish xizmatlarini elektron shaklga o`tkazish, davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy maktablar tashkil etish sust borayotgani qayd etildi.
Yig`ilishda shu yo`nalishlarda amalga oshirilishi zarur bo`lgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, ayni paytda maktab o`qituvchilarining bilimi va malakasi talabga javob bermaydi. Tizimdagi 422 mingdan ortiq pedagogning 65 ming nafari o`rta maxsus ma`lumotli. Atigi 11 ming nafar o`qituvchi oliy toifali.
Ayni paytda 3 mingdan ortiq pedagog kadrlarga real ehtiyoj mavjud. Jumladan, ingliz tili, rus tili va adabiyoti, boshlang`ich sinf, informatika, matematika fanlari o`qituvchilari etishmaydi.
Shuning uchun Xalq ta`limi vazirligi, O`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi markazi, Mehnat vazirligiga vakant lavozimlarga pedagoglarni jalb qilish, chekka hududlarga borib ishlaydigan o`qituvchilarni rag`batlantirish va malakasini oshirish bo`yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish vazifasi topshirildi.
O`quv-metodik va darsliklar sifatini oshirish ham dolzarb masalalardan. O`quv yili boshlanganiga 2 oy to`lgan bo`lsa-da, 3-, 5-, 8-sinf o`quvchilari uchun 33 mingdan ziyod darslik etishmaydi. Darsliklarda xatoliklar ko`pligi ham achinarlidir. Bu boradagi kamchiliklarni bartaraf etish bo`yicha topshiriqlar berildi.
Yig`ilishda maktablar binosi, ularning moddiy-texnik bazasi holatiga ham e`tibor qaratildi.
Maktablarda 11 yillik tizimga o`tilgach, o`quvchilar soni 1 millionga ortgan. Bugungi kunda 138 ta maktab filiali o`z binosiga ega emas, 55 ta filialda o`quvchilar soni me`yoridan yuqori.
Investisiya dasturi doirasida 35 ta maktabda qurilish-ta`mirlash ishlarini tezroq yakunlash kerak. 5 mingdan ziyod fizika, kimyo va biologiya o`quv-laboratoriya jihozlari, 43 ming to`plam o`quv mebeli zarur.
Prezident belgilangan maktablardagi qurilish-ta`mirlash ishlarini yakunlash, markazlashgan investisiya mablag`lari hisobidan ularni jihozlash kerakligini ta`kidladi.
Hududlar talabidan kelib chiqib, lisey va kollejlarning bo`shagan binosini joriy yil oxiriga qadar Xalq ta`limi vazirligi tasarrufiga o`tkazish, 2019 yil 1 yanvargacha joylardagi maktab filiallarini asosiy maktabga aylantirish, maktab avtobuslari bilan tizimli ta`minlash bo`yicha ko`rsatmalar berildi.
Yig`ilishda maktablarda bilim berish va o`zlashtirish darajasi bugungi zamon talablariga mos emasligi tanqid qilindi. 10-11-sinf o`quvchilarini kasb-hunarga o`rgatish maqsadida o`quv-ishlab chiqarish majmualari tashkil etish va ularni jihozlash ishlari qoniqarsiz ekani ko`rsatib o`tildi.
“Mamlakat bo`yicha sinflarda o`quvchilar soni o`rtacha 23, Toshkent shahri va viloyat markazlarida 40 nafarni tashkil etadi. Bizda har 13 o`quvchiga bitta o`qituvchi to`g`ri keladi, rivojlangan davlatlarda bu 10 nafardan oshmaydi. Sinflarda o`quvchilar sonini, haftalik dars yuklamasini kamida 5-10 foizga tushirish kerak”, - dedi davlat rahbari.
Umumta`lim maktablarida axborot texnologiyalarining joriy etilishini ham qoniqarli deb bo`lmaydi. Misol uchun, ba`zi maktablarda informatika fani hali hamon eski dasturlash tili asosida o`tilmoqda, bir qator kompyuter jihozlari yaroqsiz holga kelib qolgan.
Shu bois, maktablarda kompyuter bilan ta`minlanganlik darajasini tanqidiy o`rganib, ularni jihozlash bo`yicha aniq manzilli dasturlar ishlab chiqish, informatika fanini o`qitishning zamonaviy uslublarini joriy etish bo`yicha topshiriqlar berildi.
Mamlakatda xorijiy tajriba asosida xususiy maktablarni rivojlantirish istiqbolli vazifalardan ekani qayd etildi.
Yig`ilishda maktablarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash ishlarining borishi ham muhokama qilindi. Xalq ta`limi va Moliya vazirliklari mahalliy hokimliklar bilan birgalikda 2 hafta muddatda maktablarni kuz-qish mavsumiga to`liq tayyorlash choralarini ko`rish zarurligi ta`kidlandi.