1

Aka 16 yoshga to`lmagan singlisini o`ldirib qo`ydi

Jinoyat 03.11.2018, 09:44
Aka 16 yoshga to`lmagan singlisini o`ldirib qo`ydi

Qishning qahratoni biroz bo`shashgan, atrofni bahordan darak beruvchi ajib bir tarovat egallagan palla. Bunday kezlarda qizlar egnidagi ki­yimlar o`zgarib, go`zal hamda nafisroq liboslar tanlashga tushishadi. Ko`ngillarga ham bahoriy kayfiyat ta`sir qilmay qolmaydi.

O`spirin yigitlar ham bahor yaqinlashishi bilan biroz o`zgarib qolishadi. Tez-tez oyna yoniga borishlar, sirli jilmayishlar…

Negadir shu tobda Boir (ism-familiyalar o`zgartirilgan)ga bu kabi xush kayfiyat begona. Diliga chiroq yoqsang, yorishmaydi.

Hammasi o`tgan kuni o`rtog`i Nodir bilan bo`lib o`tgan suhbatdan keyin boshlandi.

— Boir, singlingdagi o`zgarishlarni sezasanmi hech? — so`rab qoldi dabdurustdan Nodir. Boir uning nima demoqchiligini darrov tushundi. Ammo o`zini bilmaganlikka soldi.

— Qanaqa o`zgarishlarni? — so`radi rangi o`chib. Nodirning tili tutildi. Biroq do`stining o`ziga tikilib turganini ko`r­di-yu, «Nima bo`lsa bo`ldi», degandek so`zida davom etdi.

— Yurish-turishida, demoqchiman-da… Yigitlar bilan ko`p gaplashadigan, o`ziga ortiqcha oro beradigan bo`lib qolgan…

Boir buni avvalroq sezgan, bir necha marta singlisi Dilaroni tartibga chaqirgan. Ammo foydasi bo`lmagan ko`rinadi. Yo`qsa, Nodir bo`lar-bo`lmas gapni gap deb ko`tarib yuradigan bola emas. Dilaro bilganidan qolmagan ko`rinadi. «Menga birov xo`jayinlik qilmasin!», deyayotgandi beor qiz.

Shunday bo`lsa-da, Boirning yigitlik g`ururi yo`l qo`ymadi. Buni do`stiga sezdirmadi.

— Gapingni o`ylab gapir, Nodir! Dilaroning erkaligi bor, biroq chegaradan chiqmaydi…

— Bo`lsa bordir… — do`stini xafa qilmaslik uchun chaynaldi Nodir. — Har holda, begona emasman, uni tergab tur. Kechqurun mahalla boshida bir yigit bilan turganini o`zim ko`rdim… O`z ko`zim bilan…

Boirga shu gapning o`zi etarli bo`ldi. U boshini xam qilgancha uyiga kirib ketdi. Nodir esa uning ortidan qarab qoldi: «Noto`g`ri gapirdim shekilli, dili og`ridi. Otasining kasalvandligidan siqilib yurgandi bechora… Bu gapim ortiqcha bo`ldi-yov…»

Dam o`tmay yana dadillashdi: «To`g`ri qildim! Men aytmasam, u e`tibor qaratmasa, yoshgina qiz yo`lidan adashadi. Oilaning sha`nini bukadi… To`g`ri qildim!..»

U shunday degancha tez-tez yurib, qorong`ulik qo`yniga singib ketdi.

Boir esa bu paytda ayvon labiga o`tirib olib o`y surardi: «Dilaro qachon bunchalik o`zgarib ketdi? Ilgari bunaqa emasdi-ku?! Nima desa, gap qaytarmay bajarardi. Hozir esa u butunlay boshqa qizga aylanib qolgan. Ota-onasini umuman mensimaydi. O`zini aka o`rnida ko`rmaydi. Doim nimadandir bahona topib, janjal qilgani qilgan. Dadasining nogironligini necha qaytalab yuziga solmadi, deysiz… Onasini gapirgani qo`y­maydi, darrov og`ziga uradi. So`roqsiz ko`chaga chiqib ketaveradi, pulni ham indamay olib ishlatib yuboradi. Birov bir nima desa, darrov «o`zimni o`ldiraman», deya qo`rqitishga tushadi. Buni shundoq qoldirib bo`lmaydi. Uni yaxshilab tartibga chaqirish kerak. Aks holda…»

U bu yog`ini o`ylagisi kelmadi. Avval ota-onasi uxlayotgan uyga, so`ngra singlisi yotgan xonaga bir qarab qo`ydi-yu, o`zi ham uxlash uchun ukasi Murodning yoniga kirdi.

Uyqudan uyg`onganida hovlida hech kim yo`q edi. Nonushta qilgach, o`zi ta`lim oladigan kollejga ketdi. Tushda uyiga kelganida onasining bir ahvolda o`tirganini ko`rib, yuragi uvishdi.

— Dilaro yana maktabga bormabdi, o`qituvchisi qidirib keldi… Murodga bergan pulimni ham olib chiqib ketibdi…

Boir shalviragancha o`tirib qoldi. Qaerda yurgan ekan, bu orsiz qiz?

U onasini ortiq tashvishga solgisi kelmadimi, o`rnidan turib unga tasalli berishga tushdi:

— Birorta o`rtog`inikida bo`lsa kerak, oyi… Siz ishga boravering, uni o`zim topib, tartibga chaqirib qo`yaman!..

Shunday degancha singlisini izlashga ketdi. Onasi esa ishga — tikuvchilik sexiga jo`nadi.

Avval shahar markazidagi istirohat bog`iga bordi. U erdan topa olmagach, yana uyiga keldi. Bu orada onasi unga qo`ng`iroq qilib, Dilaro u ishlaydigan sexga kelganini ayt­di. Singlisi ba`zi-ba`zida onasiga yordamlashgani o`sha erga borib turardi.

Boir o`zini chalg`itish uchun biroz televizor ko`rgan bo`l­di. Biroq miyasida turfa o`y-xayollar charx urar, singlisining orsizligi, andishasizligidan tobora g`azabi toshardi.

Uzoq kutib o`tira olmadi. Shahd bilan onasi ishlaydigan tikuvchilik sexiga kirib bordi.

— Uyga yur, senda gapim bor!

Salima opa Boirning vajohatidan qo`rqib o`rtaga tushdi:

— Kechqurun uyga borganimizda gaplashasan u bilan. Hozir sen ketavergin, o`g`­lim!..

Biroq Boir shu tobda gapga ko`nadigan ahvolda emasdi.

— Yonini olaverib uni shu ahvolga soldingiz, oyi! Bo`l­di, siz aralashmang, u bilan o`zim gaplashaman endi! O`qi­tuvchisi ham so`rayapti uni!

Salima opa uning yolg`oniga ishondi. Ko`ngli notinch esa-da, noiloj ularning uyga ketishiga rozi bo`ldi.

Dilaro yo`lda keta turib qaysarlarcha depsinib akasiga do`q urdi:

— Men baribir o`z bilganimdan qolmayman. Ko`rasiz, uydan ketib qolaman!

Boirning bu gapdan battar jahli chiqsa-da, ko`chada ekanliklari sababli o`zini bosishga majbur bo`ldi. Biroq uyga kirar-kirmas singlisini qisdi-bastiga olishga tushdi:

— Maktabga bormay qaerda yurganding, iflos?! Qachongacha yuzimizni erga qaratasan?

U shu tobda Dilaroning: «Aka, kechiring, men aqlsizlik qildim. Endi aytganingizdan chiqmayman», deyishidan umid­vor edi. Biroq singlisi buning aksini gapirdi:

— Menga xo`jayin emassan, seni akam demayman! Ota-onam ham menga yot! Bilib qo`y, men o`z bilganimcha yashayman. Hayotimga aralashmanglar! Aks holda, seni ham dadamga o`x­shab ko`chaga chiqolmaydigan qilib qo`yaman!

Boir bir dam karaxt ahvolda singlisiga termulib turdi. Dilaro bir gapdan qolay demas, akasining g`ururini toptayotganini anglamay, og`ziga kelganini qaytarmasdi. Boir uni titrab-qaqshab kuzatar ekan, singlisi allaqachon o`zgarib ketganini, endi uni to`g`ri yo`lga solib bo`lmasligini o`ylab, shahd bilan burildi-da, oshxona tomon yugurdi. Tokchada turgan oshpichoqni olib, yana shunday vajohatda ortiga qaytdi.

Dilaro uning avzoyi buzuqligini shundagina sezdi. Chunki qo`lida pichoq yaltirab turardi.

— Ko`chada behayolarcha yurganingni ko`rib, qaddimiz bukilgandan ko`ra, seni o`ldirib qo`ya qolganim yaxshi! — Boir shunday deya singlisi tomon yura boshladi. Dilaro esa uning rahmini keltirish uchun erga cho`kkalab yalinishga tushdi:

— Aka, bo`ldi, endi aytganingni qilaman, meni kechir! Boshqa bunaqa beso`roq ko`chaga chiqmayman!

Dilaro qanchalik yalinib-yolvormasin, Boirning unga rahmi kelmadi. Jahl allaqachon uning aqlini o`z izmiga solib bo`lgan, nima qilayotganini anglamas, qilmishi oqi­bati haqida o`ylaydigan holi ham yo`q edi.

U jazavaga tushgancha qo`lidagi pichoqni singlisining ko`ksiga qayta-qayta sanchaverdi…

O`sha on navnihol qizginaning ko`ksi alvon rangga kirib, erga jonsiz yiqildi. Vahshiy qiyofadagi Boir esa telbalarcha tashqariga yo`naldi:

— Men singlimni o`ldirib qo`ydim!

U tinimsiz yig`lar, dam o`zini, dam bir so`zdan qolmay, uni quyushqondan chiqargan sing­lisini, beshafqat taqdirni qarg`ar, telbalardek aytib bo`zlardi…

Sudda Boirning oila a`zolari Dilaroning ko`pdan buyon xulq-atvori butunlay salbiy tomonga o`zgarib ketgani, hech kimga quloq solmay qo`ygani, ana shu andishasizligi akasini mana shu boshi berk ko`chaga kirishga majbur qilganini aytib, unga qonuniy engillik so`rashdi. Aka bechora esa bir so`z aytarga holi yo`q o`tirardi…

"Huquq" nashrining yozishicha, u jinoiy javobgarlikka tortildi. Biroq ko`ngillarga afsus va nadomat cho`kdi. Axir, hali 16 yoshga to`lib-to`lmagan qizchaning umri bevaqt xazon bo`ldi. 18 yoshli o`smir yigit esa balog`at bekatida yorqin kunlarga emas, qorong`u zulmat — sim­to`rlar ortidagi rutubatli kunlar bilan ro`baro` keldi.

So`zimiz boshida bejizga farzandlar tarbiyasi borasida fikr yuritmadik. Aslida Boir hamda Dilaroning ota-onasi vaqtida ularning tarbiyasi bilan shug`ullanishganida, ularning orzu-o`ylari bilan qiziqqanlarida bu fojia yuz bermasmidi?! Axir niholni ekkach, uni yaxshi parvarish qilinmasa, e`tibor qaratilmasa, qing`ir-qiyshiq o`sishini necha bor kuzatganmiz. Boir ham, Dilaro ham bola edi, navnihol edi…

Mahalla-ko`y, qarindoshlar ham oiladagi bu betartiblikni avvaldan bilishgan, ammo sezmagandek yuraverishgan. Ana shu beparvolik ham bugun qimmatga tushdi. Yo bo`lmasa, Dilaro ta`lim olayotgan maktabdagi pedagoglar, psixolog vaqtida uning ruhiy holatini o`rganib, to`g`ri yo`lga boshlay olganlarida, bugun akasi qo`­lini o`z singlisining qoniga bo`yamasmidi?!

Bejizga ushbu jinoyat tafsilotini bayon etmadik. Hayotda uchraydigan har bir yaxshi va yomon holatlar inson uchun maktab bo`lishi, undan o`zi uchun xulosa, saboq chiqara bilishi darkor. Zero, kasallik bilan kurashgandan ko`ra, uning oldini olish afzal bo`lganidek, bu kabi ko`ngilsizliklar ro`y bermasligi uchun hamma birgalikda ish olib borgani ma`qul.

Jasur MAMADALIEV,

Namangan viloyat prokuraturasi bo`lim katta prokurori

Nilufar NIYoZOVA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1